Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda ilk bor “Classical music fest in Tashkent” xalqaro musiqa festivali o‘tkazildi

Toshkentda ilk bor “Classical music fest in Tashkent” xalqaro musiqa festivali o‘tkazildi

Poytaxtimizda ilk marotaba tashkil etilgan “Classical music fest in Tashkent” xalqaro musiqa festivali o‘ziga xos baland nuqtada nihoyasiga yetdi.

Festivalning yopilish konsertida dunyo miqyosida tanilgan skripkachi Mark Bushkov va O‘zbekiston davlat simfonik orkestri tomoshabinlarga unutilmas musiqa kechasini hadya etishdi.

Tantanali konsertda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori Anvar Tojiboyev, mashhur kompozitor Aleksey Shor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alibek Kabdurahmonov, madaniyat va san’at namoyandalari hamda klassik musiqa ixlosmandlari ishtirok etdilar.

Dasturda buyuk kompozitorlar P. I. Chaykovskiyning “G‘amgin serenada” va “Gamlet” uvertyura-fantaziyasi hamda Aleksey Shorning skripka uchun konserti mahorat bilan ijro etildi. Zaldagi tomoshabinlar va mutaxassislar ijroni katta zavq bilan tinglab, san’atkorlarni gulduros olqishlar bilan kuzatishdi.

Kompozitor Aleksey Shor ham sahnaga chiqib, ijrochilar — Mark Bushkov va orkestrning badiiy rahbari Kamoliddin O‘rinboyevga samimiy minnatdorlik izhor qildi.

Asarlardan sochilgan ohanglar tomoshabinlarning qalbini zabt etib, konsert zalini musiqa va ruhiy yuksalish muhitiga aylantirdi. Dastur yakunida Mark Bushkovga tashkilotchilar tomonidan katta guldasta taqdim etildi.

Festival O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Yevropaning madaniyatni qo‘llab-quvvatlash fondi hamda qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: 2025 yil 22 sentyabrdan 3 oktyabrgacha davom etgan mazkur festival O‘zbekiston san’at hayotida yangi sahifa ochdi. Unda dunyo sahnalarida nom qozongan musiqachilar — Behzod Abduraimov, Stanislav Yudenich, Maksim Vengerov, Mark Bushkov, Ekvon Sunvoo, Aleksandr Chaushyan, Mixail Pletnyov — O‘zbekiston Milliy va Davlat simfonik orkestrlari hamrohligida o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring