Alifboga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyiha Senatga yuborildi
Alifboga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyiha Senatga yuborildi.
«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Qonun loyihasi bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan qonun loyihasining amaliyotda samarali va bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlashga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlardan belgilangan muddatgacha foydalanish tartibi nazarda tutildi.
Mazkur yondashuv davlat organlari va tashkilotlarida amalda foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etadi.
Natijada davlat budjeti mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinadi, qo‘shimcha davlat xarajatlari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda alifbodagi o‘zgarishlarni amalga oshirish davlat organlari va tashkilotlari uchun moliyaviy jihatdan maqbul, bosqichma-bosqich tartibda ta’minlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter