Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilmoqda.
Farmonga ko‘ra, kengash O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo, investitsiya va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, yirik biznes loyihalarni muvofiqlashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida tuziladi.
Hujjatda qayd etilishicha, kengash 2025-yil 4–6-noyabr kunlari prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi davomida “C5+1” sammiti doirasida tuzilgan kelishuv asosida tashkil etilgan. O‘zbekiston tomonidan kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari raislik qiladi, AQSh tomoni esa Prezident vakili darajasida hamrais sifatida ishtirok etadi.
Kengash faoliyati doirasida:
– yirik investitsiya va savdo loyihalari muvofiqlashtiriladi;
– O‘zbekistonga sarmoya jalb etish uchun maxsus investitsiya fondi tuziladi;
– IT-park rezidentlari mahsulotlarini AQSh bozorida ilgari surish ishlari kuchaytiriladi;
– Markaziy bank aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Farmonga muvofiq, AQSh hududida yangi konsulliklar ochish, diasporalar bilan ishlash tizimini kuchaytirish, O‘zbekiston bank rezidentlariga AQShdagi investitsiya operatsiyalarini erkin amalga oshirish imkonini berish ham nazarda tutilgan.
Investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar boshlanishi, kengash tarkibiga AQSh ishbilarmon doiralari vakillarini jalb etish va doimiy ofisni AQShda tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Farmon ijrosi ustidan nazorat Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter