AQSh «Anthropic»ning yangi modellari xorijiy harbiy razvedkada foydalanilishidan xavotirda
AQSh Savdo vaziri Hovard Lutnik «Anthropic» kompaniyasining yangi «Mythos» va «Fable» sun’iy intellekt modellariga nisbatan favqulodda cheklovlar joriy qildi. «Reuters» xabar berishicha, rasmiylar ushbu texnologiyalar Xitoy, Rossiya yoki AQSh xavotirda bo‘lgan boshqa davlatlarning harbiy razvedka tuzilmalari tomonidan qo‘llanilishi mumkin deb hisoblamoqda.
AQSh Savdo vaziri 13-iyun kuni kompaniya bosh direktori Dario Amodeyga yo‘llagan maktubida mazkur modellarning butun dunyo bo‘ylab eksport qilinishi va xorijiy fuqarolarga taqdim etilishini to‘xtatishni talab qilgan. Shuning ortidan «Anthropic» o‘zining eng yangi modellariga kirish imkoniyatini barcha foydalanuvchilar uchun vaqtincha chekladi.
Ma’lum qilinishicha, AQSh hukumati «Fable 5» modelidagi xavfsizlik cheklovlarini aylanib o‘tish imkoni mavjudligidan xavotir bildirgan. Kompaniya esa aniqlangan kamchiliklar jiddiy emasligi va bunday imkoniyatlar boshqa ommaviy modellarda ham uchrashini ta’kidlagan.
«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, dushanba kuni «Anthropic» texnik mutaxassislari Vashingtondagi Savdo vazirligi rasmiylari bilan uchrashib, vaziyat bo‘yicha yechim izlagan. Uchrashuvda AQSh Milliy kiberxavfsizlik direktori Shon Keyrnkross ham ishtirok etgan.
Manbalarning bildirishicha, kompaniya va hukumat o‘rtasida deyarli har kuni muloqotlar o‘tkazilmoqda. Hukumat modellardan AQSh manfaatlariga qarshi foydalanilmasligi bo‘yicha kafolatlar talab qilmoqda.
Shu bilan birga, «Anthropic» o‘zining yuqori darajadagi modellarini qayta ishga tushirishga intilayotgani aytilmoqda. Dario Amodey va Hovard Lutnik yaqin kunlarda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan G7 yig‘ilishida ishtirok etadi va muzokaralar u yerda ham davom etishi mumkin.
Savdo vazirligi ushbu qarorni 2018-yilda qabul qilingan Eksport nazoratini isloh qilish to‘g‘risidagi qonun doirasida qabul qilgan. Eksport nazorati bo‘yicha mutaxassislar bu vakolat birinchi marta sun’iy intellekt texnologiyalariga nisbatan qo‘llanilayotganini ta’kidlamoqda.
Biroq huquqshunoslar va soha ekspertlari mazkur qarorning qonuniy asoslari yuzasidan savollar tug‘ilayotganini bildirmoqda. Chunki sun’iy intellekt modellari odatda eksport qilinmaydi, balki masofaviy kirish orqali taqdim etiladi.
Ayni paytda 80 dan ortiq kiberxavfsizlik mutaxassisi va yirik texnologiya kompaniyalari vakillari AQSh hukumatini cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Ular bu qaror innovatsiyalar va kiberxavfsizlik sohasidagi tadqiqotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter