Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShda yuzlab Boeing samolyotlari tekshiruvdan o‘tkaziladi

AQShda yuzlab Boeing samolyotlari tekshiruvdan o‘tkaziladi

Foto: Online Aviation

AQShda yuzlab Boeing 737 MAX samolyotlari tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) samolyot korpusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yoriqlar sababli yuzlab Boeing 737 MAX rusumli samolyotlarni tekshirishni talab qildi. Idora aniqlanmay qolgan shikastlanishlar samolyotning konstruksiyaviy mustahkamligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

E’lon qilingan parvozga yaroqlilik ramiy talabi AQShda ro‘yxatdan o‘tgan taxminan 471 ta Boeing 737 MAX 8, MAX 9 va MAX 8-200 rusumli samolyotga taalluqli. 

Federal aviatsiya ma’muriyatining ma’lum qilishicha, yoriqlar samolyotning o‘ng tomonida, old oshxona yonida joylashgan old servis eshigi atrofidagi konstruksiyani mustahkamlovchi qismida aniqlangan.

Havo kompaniyalari har bir samolyotning ekspluatatsiya muddatiga qarab belgilangan jadval asosida ushbu hududni tekshirishi hamda aniqlangan yoriqlar bartaraf etilmaguncha samolyotni qayta parvozga chiqarmasligi lozim. Boeing kompaniyasi bayonotida yoriqlar kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun muhandislik tahlillari olib borilayotgani, kelgusida bunday muammolarning oldini olish maqsadida konstruksiyaga o‘zgartishlar kiritish ustida ishlanayotgani ma’lum qilindi. Federal aviatsiya ma’muriyati ta’kidlashicha, belgilangan tekshiruv muddatlari yoriqlarni samolyot konstruksiyasiga xavf yetkazishidan oldin aniqlash imkonini beradi. Shu sababli samolyotlarni ekspluatatsiyadan chiqarish zarurati yo‘q. Mazkur rasmiy talab 10 sentyabrdan kuchga kiradi. 

Boeing samolyotlarida bunday muammolar avval ham kuzatilgan. 

Kompaniya avval ham Boeing 737 oilasiga mansub samolyotlarda konstruksiyada yoriqlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. 2019 yilda samolyot korpusini qanotlarga ulab turuvchi qismda yoriqlar aniqlangach, ayrim Boeing 737-700, 737-800 va 737-900 samolyotlari uchun ham majburiy tekshiruvlar belgilangan edi. Boeing bayonotida: «Bu muammo 737 MAX samolyotlarida kuzatilmagan. Biroq ularning konstruksiyasi va ishlab chiqarish jarayoni o‘xshash bo‘lgani uchun tekshiruvlar 737 MAX samolyotlariga ham kengaytirildi. Biz har ikki rasmiy talabni qo‘llab-quvvatlaymiz va aviakompaniyalarimizga yordam berishda davom etamiz», – deyilgan.

Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) o‘tgan oy ham noto‘g‘ri o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligi sababli 453 ta Boeing 737 MAX samolyotida o‘rindiqlarni mahkamlash tizimini tekshirishni nazarda tutuvchi yana bir parvozga yaroqlilik talabi loyihasini taqdim etgan edi. Samolyot ishlab chiqaruvchisi 2024-yil yanvar oyida Alaska Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyotda eshik panelining parvoz vaqtida uzilib ketishi ortidan kuchaytirilgan nazorat ostida turibdi.

AQSh Milliy transport xavfsizligi kengashi o‘tkazgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, eshik panelini mahkamlab turishi kerak bo‘lgan to‘rtta mahkamlagich bolt samolyot aviakompaniyaga topshirilgan vaqtda o‘rnatilmagani aniqlangan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring