AQSh–Eron muzokaralari to‘xtadi: Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
AQSh prezidenti Islomobodda o‘tishi kutilgan muzokaralar oldidan o‘z vakillariga Pokistonga uchmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdi. U bu qarorni «safarlarga ortiqcha vaqt ketyapti» deya izohlagan.
Avvalroq AQSh delegatsiyasi (jumladan, Stiven Uitkoff va Jared Kushner) Islomobodga borishi rejalashtirilgan edi. Tramp bu tashrifni so‘nggi daqiqada bekor qilgan, shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham Pokistonni tark etdi.
Tramp Eron rahbariyatida «noaniqlik va ichki kelishmovchiliklar» borligini ta’kidlab, AQSh pozitsiyasi kuchli ekanini bildirdi. Eron tomoni esa muzokaralar faqat vositachilar orqali o‘tishini aytmoqda.
Islomobod muzokaralar uchun vositachi sifatida ishtirok etayotgan edi. Aroqchi Pokiston safarini «samarali» deb baholab, mintaqada tinchlikni tiklash bo‘yicha muloqotlar davom etayotganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, ilk muzokaralar 11-aprel kuni bo‘lib o‘tgan, ammo natija bermagandi. Shundan so‘ng AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozida blokada joriy etdi, Eron esa buni kelishuv buzilishi deb baholadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter