Avstraliya hukumati ham Telegram’ni sudga berdi
Avstraliyaning internet xavfsizligi bo‘yicha regulyatori – eSafety komissari Telegram’ga qarshi Federal sudga murojaat qildi. Platforma terrorchilik va zo‘ravon ekstremizmga aloqador materiallarni o‘chirish bo‘yicha qonun talablarini bajarmaganlikda gumon qilinmoqda.
Regulyator bayonotiga ko‘ra, gap terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan qotilliklar, ommaviy otishmalar hamda 2019-yilgi Kraystcherch va 2022-yilgi Buffalo hujumlari bilan bog‘liq videolar haqida ketmoqda.
eSafety komissari Juli Inman Grantning ta’kidlashicha, ayrim materiallar Telegram ogohlantirilganidan keyin ham uzoq vaqt davomida foydalanuvchilar uchun ochiq qolgan.
Sudga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, avstraliyalik Telegram foydalanuvchilari 2025 yilning iyul–oktyabr oylarida terrorchilikni targ‘ib qiluvchi 12 ta post ustidan shikoyat qilgan.
Regulyatorning da’vo qilishicha, Telegram ushbu materiallarning 10 tasini o‘chirmagan. Shuningdek, ularni tarqatgan akkaunt, guruh yoki kanallarga nisbatan ham yetarli chora ko‘rilmagan. Uchta postda avvaldan terrorchilik materiali sifatida tan olingan kontent bo‘lgani aytilmoqda.
Avstraliyada 2024 yil dekabridan boshlab onlayn platformalar bolalar ekspluatatsiyasi va terrorchilikni targ‘ib qiluvchi materiallarning tarqalishini kamaytirish bo‘yicha majburiy choralar ko‘rishi shart.
Agar sud Telegram qonun talablarini buzgan deb topsa, kompaniyaga 54,6 million Avstraliya dollarigacha – taxminan 38 million AQSh dollari miqdorida jarima solinishi mumkin.
O‘z navbatida, Telegram vakili kompaniya Avstraliya regulyatorining da’volarini qabul qilmasligi va ularga sudda e’tiroz bildirishini ma’lum qilgan.
Kompaniya o‘zining terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha faoliyati hujjatlar bilan tasdiqlanganini ta’kidlab, 2026-yilning o‘zida minglab ekstremistik hamjamiyatlar bloklanganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, bu Avstraliya regulyatori va Telegram o‘rtasidagi birinchi bahs emas. 2025-yil fevralda platforma terrorchilik va bolalar ekspluatatsiyasiga oid kontentga qarshi qanday choralar ko‘rayotgani haqidagi hisobotni besh oydan ortiq kechiktirgani uchun qariyb 958 ming Avstraliya dollari miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Bir muddat avval esa Rossiya hukumati ham Telegram asoschisi Pavel Durovni terrorizmga yordam berganlikda ayblagani aytilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter