Birjada narxni oshirib, asossiz daromad olgan kompaniyaga chora ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi birja savdolarida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazgan o‘rganishda «T.O-MOXIDIL» xususiy korxonasi tomonidan qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, korxona paxta shroti va sheluxa mahsulotlarini besh holatda birja savdolarida shakllangan o‘rtacha kotirovka narxlaridan yuqori bahoda sotgan.
Buning natijasida korxona qariyb 100 million so‘m miqdorida asossiz daromad olgani qayd etildi.
O‘rganishlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish tartibi talablari asosida amalga oshirildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi hamda mazkur Nizom talablari buzilgani alomatlari bilan «T.O-MOXIDIL» xususiy korxonasiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Ish natijalariga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda korxonaga nisbatan tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida korxonaga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma ham berildi.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 170-son qaroriga muvofiq, Monopoliyaga qarshi kurashish organlari yuqori likvidli va monopol mahsulotlar bo‘yicha birja narxlari monitoringini doimiy ravishda amalga oshiradi hamda raqobatni cheklovchi holatlar aniqlangan taqdirda qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter