Bo‘stonliqda shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 20 MVt quvvatga ega «Chorbog‘» shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi.
20 avgust kuni stansiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Tzyun, Savdo-sanoat palatasi, energetika va qurilish sohalari vakillari, «O‘zbekgidroenergo» AJ mas’ul xodimlari, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimligi vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy hukumati tomonidan 28 million dollar miqdorida beg‘araz grant ajratilgan.
Stansiyada har biri 5 MVt quvvatga ega 4 ta zamonaviy shamol turbinasi o‘rnatilgan. U yiliga 50 million kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Bu hajm qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga yetarli bo‘lib, mamlakat energetika tizimi barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, shamol elektr stansiyasining ishlashi natijasida har yili yuz minglab kub metr tabiiy gaz tejalishi va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmini kamaytirish kutilmoqda.
Qayd etilishicha, yangi stansiyaning ishga tushirilishi O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, uglerod izini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasidagi ishlariga hissa qo‘shadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter