Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bugun poliklinikada ikki shifokorni «rozi qildim»…

Bugun poliklinikada ikki shifokorni «rozi qildim»…

Kasbim taqozosi o‘laroq ijtimoiy tarmoqlarni muntazam kuzatib boraman. Bu respublika bo‘ylab yoki o‘zbekistonliklarga doir yangiliklardan xabardor bo‘lib turish imkoniyatini berishdan tashqari, jamiyatning har kungi kayfiyatini ham ko‘rsatib turadi.

Kim nimani topib, nimani yo‘qotdi? Kim nima yoki kimdan norozi? Mavsumiy muammolar, mavsumiy yechimlar, vahakazo...

Xullas, hamkasblarimizdan birining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga qo‘ygan biroz kulgili, biroz qayg‘uli posti kishini tibbiyotimiz ahvoli haqida o‘yga toldiradigan bo‘libdi.

Har qancha xaspo‘shlamaylik, har qancha andavalamaylik muammolar ularni hal etmagunicha yo‘q bo‘lib qolmaydi. Aksincha madda boylaydi, yiringlaydi va bir kun yana yuzaga qalqib chiqaveradi.

Aslida muammolarni o‘z vaqtida aytish va hal qilish uning keyinchalik chuqurlashib – hal etib bo‘lmaydigan holatga kelib qolishining oldini oladi.

Masala – bugungi tibbiyotimiz va tibbiy madaniyatimiz haqida!

Hamkasbimiz yozayapti:

«Poliklinikaga pediatr ko‘rigiga bordim. «Ginekolog va UZIga yo‘naltiraman, lekin yaqin bir-ikki kunda navbatingiz kelmaydi, joy yo‘q», deyishdi. Shifokorlar elektron navbat bo‘lganidan beri kuniga 15 tagacha ko‘rar ekan. Shifokordan «nima qilsam bo‘ladi», deb so‘radim. «Rozi qilaman, ko‘rib qo‘ying», deb ayting dedi.

UZIga kiraman, «rozi qilaman, ko‘rib qo‘yasizmi», deyman. Ko‘radi. Allaqanday toshlar, tuzlar haqida gapiradi. «Rahmat», deyman va chiqaman. Ginekologga boraman, «talon»ing bo‘lmasa, ko‘rmayman, navbating kelishini kut», deydi. «Rozi qilaman», deyman yana va u ko‘radi. Va har doimgidek gapni sansirash va so‘kishlar bilan boshlaydi. Ginekologlar so‘kib gapirishi bilan faxrlansa kerak, deb o‘ylayman ichimda. Rozi qilaman va chiqaman xonasidan.

Bolalar nevropotologiga kiraman. Navbatlardan keyin nihoyat kirdim deganimda, «ism familiyang tushmagan, qayta borib kiritib kel», deydi. Qaytaman, yana kompyuter ishlamaydi. Uch marta zinadan uchinchi qavatga qatnayman, qo‘limda qizim va sumkam. Nihoyat, kompyuterga navbatim tushadi va kiraman. Shifokor-nevropatolog ish vaqti tugashiga oz qolgani va nega oxiri bo‘lib kirib, vaqtini olayotganimni aytib baqirib qoladi. Analizlarni ko‘rsataman, bolaning ahvoli yaxshimasligini aytib, bir dunyo tinchlantiruvchi dorilar yozib beradi va boshqa bunday vaqtini olmasligimni aytib chiqarib yuboradi.

Yo‘lda kelayotib, o‘ylayman, agar puli yo‘q va tobi yo‘q ayol borsa, navbatini kutib nechi kun yurardi? Kasali xuruj qilib qolganida-chi? Anavi nevropotolog nega qizimga buncha kuchli «tinchlantiruvchi»larni yozdi. Qo‘llanmasini o‘qiyman: miya falajligi, rivojlanmay qolish va nerv sistemasi uchun tavsiya qilinadi. Axir, bolamning ahvoli bu darajada emas-ku? Nega bularni yozdi? Ayrim doktorlar nega o‘z ustida ishlamaydi?

Yo‘lakdagi LORda turgan navbatni ko‘rganingizda edi, yoqa ushlardingiz. Ota-onalar bolalarining tomog‘ini yuvdirish uchun olib kelgan. Hammasida bir xil muammo: isitma va tomoq og‘rig‘i. Ularga tomoq yuvdirish xavfli va bu foydasiz ekanini qanday aytishni o‘ylayman. Qaytarkanman xususiy LORda ham shunday navbatni ko‘raman. O‘ylayman: vazirlik (Sog‘liqni saqlash vazirligi, -mual.) nega shunday mavsumiy kasallik avj olganida munosabat bildirmaydi? Nega ota-onalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaydi? Nega uy sharoitida bolani qanday davolash haqida TVlarda aytilmaydi? Nega faqat dorilar reklamasi ketadi-yu, shunday foydali qisqa roliklar yo‘q? Nega ogohlantirishlar yo‘q?

Nega?, nega?..»

Bu tizimdagi «nega» deb so‘raladigan, ammo javobi yo‘q masalalar bugunning muammosi emas. Mustaqil bo‘lganimizgayam, tibbiyotimiz «o‘zimizniki» bo‘lganigayam naq 35 yil bo‘lyapti. O‘tgan o‘n yillarda yig‘ilgan muammolarning ayrimlari allaqachon maddalagan, ayrimlari «qonuniylashib» ulgurgan. Shifokor ko‘rigidan chiqayotganda uning cho‘ntagiga «chin ko‘ngildan» pul solib qo‘ymasa, bemorning o‘zi hijolat tortadigan holga kelganmiz. «Farmqaroqchilar» bilan til biriktirib, kerak bo‘lmagan dorilarni yozishini bilgan biz – ro‘yxatdagi dorilarning yarmini «chopamiz». O‘zimizning, bolalarimizning salomatligini o‘ylab, yuzxotir qilib ularga e’tiroz bildirolmaymiz (albatta tibbiy va huquqiy madaniyatimiz ham yetarli emas!).

Bizda go‘yo elektron navbat bor, lekin insonparvar tizim yetishmayapti, shifokorlar bor, lekin mehr va mas’uliyat yo‘q, davlat tizimi ishlayapti, lekin samarasiz va murakkab. Aholida ishonch yo‘q, chunki muammolarga ochiq javob berilmaydi.

Tizimga ishi tushib, unga kirgan bemor uning qay darajada byurokratik, inson ehtiyojidan uzilgan va «rozilik» asosida ishlayotganini ko‘rmoqda. Bu holatlar esa bir bemorning emas, butun tizimning kasalligi.

Sog‘lom avlodni tarbiyalash uchun, avvalo sog‘lom tizim kerak. Aks holda, har bir «rozilik» bu adolatsizlikka, tiyiqsizlikka rozilik deganidir.

Elbek

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring