Buxoroda yangi turizm markazi qurilyapti
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroda barpo etilayotgan yangi turizm markazi loyihasi bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda majmuaning 10 gektar maydonida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda. Qurilish jarayoniga 50 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan.
Markaz to‘liq ishga tushgach, 2 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi va Buxoroga qo‘shimcha 2 milliondan ortiq sayyoh jalb etilishi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha natijasida mahalliy budjetga yillik tushum 288 milliard so‘mni tashkil etishi mumkin.
Davlat rahbari loyihaning ahamiyati faqat yangi binolar qurilishi bilan cheklanmasligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, markaz Buxoroning tarixiy ruhi va boy madaniy merosini aks ettirishi, shu bilan birga shaharning zamonaviy taraqqiyotini namoyon qilishi lozim.
Shuningdek, turizm rivoji mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari va daromad manbaiga aylanishi zarurligi qayd etildi.
Prezident mutasaddilarga loyihani shu maqsadlardan kelib chiqib amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shu yerning o‘zida Buxoro infratuzilmasini 2027 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi. Davlat rahbari mas’ullarning axborotlarini tinglab, tegishli vazifalarni belgilab berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter