Buxorodagi abituriyentlar is gazidan zaharlangan – viloyat SSB
Joriy yilning 12-yanvarida Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazlaridan tahsil olayotgan abituriyentlarning salomatligi yomonlashib shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingan edi.
Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 11 yanvar kuni soat 07:50 da Qorako‘l tumanidagi «Ilm nuri» MChJ binosida yuzaga kelgan holatga «Is gazidan zaharlanish» tashhisi qo‘yilgan. Jami 37 nafar o‘quvchi tez yordam xizmati orqali Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.
Murojaat qilganlarning 20 nafari shifoxonaga gospitalizatsiya qilinib, qolgan 11 nafariga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli standartlari asosida klinik-laborator hamda ultratovush va rentgen kabi instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan.
Viloyatdan jami 10 nafar (toksikolog, reanimatolog) mutaxassislar tumanga safarbar etilgan. Shuningdek, Respublika shoshilinch ilmiy markazi malakali toksikologlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali konsilium qilingan.
«37 nafar bemorning barchasidan qonda gaz miqdorini aniqlash maqsadida qon namunasi olindi va viloyat sud-tibbiy ekspertizasiga taqdim qilindi. 37 nafar bemor ahvoli yaxshilanganligi sababli ambulator tartibda davolanishga yuborilib, hududiy oilaviy shifokori va patronaj hamshirasi biriktirildi», -dedi Oltiyev.
Ta’kidlanishicha, 12-yanvar kuni o‘quv markazi o‘quvchilari ahvolini baholash hamda yashash sharoitlarini o‘rganish maqsadida Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasidan 8 nafar , Buxoro viloyati bolalar kasalxonasidan 11 nafar yetakchi mutaxassis shifokorlari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan.
Jami 123 nafar o‘quvchi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ko‘rik jarayonida mobil poliklinika, ko‘chma statsionar rentgen apparati, Qon banki, ultratovush tekshiruvi, elektrokardiografiya hamda laboratoriya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, 9 nafar o‘quvchida, jumladan, 4 nafar o‘quvchida ko‘z kasalliklari, 2 nafar o‘quvchida kamqonlikning yengil darajasi, 1 nafar o‘quvchida endokrinologik kasalliklar, 1 nafar o‘quvchida LOR hamda 1 nafar o‘quvchida kardiologik kasalliklar avvaldan mavjudligi aniqlangan.
«Kasallik aniqlangan barcha o‘quvchilar shifokorlar tomonidan «D» dispanser nazoratiga olindi va tegishli tibbiy tavsiyalar berildi. O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida o‘tkir kasalliklar qayd qilinmadi», - dedi viloyat SSB boshlig‘i Elyor Oltiyev.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter