Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy kompaniyasi Qashqadaryoda 150 mln dollarlik chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqda

Xitoy kompaniyasi Qashqadaryoda 150 mln dollarlik chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqda

Videodan kadr

Qashqadaryo viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan chiqindilarni qayta ishlash va muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 14 million tonnadan ortiq maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Qashqadaryo viloyatida esa bu ko‘rsatkich 930 ming tonnani tashkil etadi.

Qarshi tumanida barpo etilayotgan zavod loyihasining qiymati 150 million dollar bo‘lib, uni Xitoy kompaniyasi amalga oshirmoqda. Korxona 8 gektar maydonni egallaydi.

Loyiha doirasida zavodda kuniga 1 500 tonna, oyiga esa 45 ming tonna chiqindi qayta ishlanishi rejalashtirilgan. Korxona ishga tushgach, yiliga 240 million kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Loyiha vakillarining ta’kidlashicha, korxonada chiqindilarni qayta ishlash jarayonida atmosferaga zararli gazlar chiqishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan. Zavodga ekologik ta’sirni kamaytiruvchi zamonaviy filtrlar o‘rnatilmoqda. Atmosferaga chiqarilayotgan gazlar viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan muntazam monitoring qilib boriladi.

Hozirda zavod qurilishi jadal davom etmoqda. Qurilish ishlariga 30 ga yaqin zamonaviy texnika, 300 dan ortiq mahalliy va xitoylik ishchi hamda mutaxassislar jalb qilingan.

Loyiha doirasida mahalliy kadrlarni tayyorlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar 20 nafarga yaqin mahalliy talaba xitoylik mutaxassislar ishtirokida o‘qitilgan. Kelgusi besh yilda korxona xodimlarining 80–90 foizini mahalliy kadrlar tashkil etishi rejalashtirilgan.

Zavod uchun Xitoydan zamonaviy texnologiyalar olib kelingan. Loyiha chiqindilarni qayta ishlash hajmini oshirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring