Deputatlar Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi yangilangan Konstitutsiyaning 109-moddasi talablarini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda Prezident o‘z vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash uchun Prezident Administratsiyasini shakllantirishi hamda uning rahbarini tayinlashi belgilangan.
Yangi qonun Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibini konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlashga qaratilgan.
Qonun loyihasiga muvofiq, Prezident Administratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. Unga Prezident tayinlaydigan va lavozimidan ozod etadigan Administratsiya rahbari boshchilik qiladi.
Shuningdek, hujjatda Administratsiya faoliyatining asosiy prinsiplari, tashkiliy tuzilmasi, davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik tartibi aniq belgilab berilmoqda.
Loyihada Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining huquqiy kafolatlari ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan o‘zaro aloqalariga oid normalar ham kiritilgan.
Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, mazkur konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishi Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, hujjat davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, boshqaruv jarayonlarining samaradorligini oshirish va Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomini aniq belgilashga qaratilgan.
Muhokamalar yakunida qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter