Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilandi

O‘zbekistonda yozgi elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilandi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston energetika tizimida yozgi mavsum uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekordlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Xususan, 13 iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 281,5 million kVt·soatni tashkil etdi.

Respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli esa 278,6 million kVt·soatga yetdi. Bu o‘tgan yozgi mavsumda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 6 million kVt·soatga yoki 2,2 foizga ko‘p.

Ma’lumot uchun, avvalgi yozgi rekord 2025 yil 18 iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda respublikada elektr energiyasining sutkalik iste’moli 272,6 million kVt·soatni tashkil etgan. O‘sha kuni havo harorati markaziy hududlarda +40°C gacha, cho‘lli hududlarda esa +42…44°C gacha ko‘tarilgan bo‘lib, joriy yilning 13 iyulida ham xuddi shunday harorat kuzatilgan.

Bundan tashqari, havo haroratining oshishi munosabati bilan yaqin kunlarda elektr energiyasi iste’moli va tizim yuklamasi bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkichlar qayd etilishi kutilmoqda.

Yuqori iste’mol davrida elektr ta’minotining barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika korxonalari tomonidan kuchaytirilgan ish rejimi joriy etilgan. Hududlarda navbatchilik asosida faoliyat yurituvchi maxsus avariya-ta’mirlash brigadalari elektr tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.

Ayrim hududlarda elektr tarmoqlarida yuzaga kelayotgan texnik nosozliklar sababli elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Vazirlik barcha iste’molchilardan elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni so‘ragan.

Ayniqsa, eng yuqori yuklama soatlarida zarurat bo‘lmagan elektr jihozlarini o‘chirib turish orqali elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani kamaytirish, elektr ta’minoti barqarorligini saqlash hamda uzilishlarning oldini olish mumkinligi qayd etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring