Eron AQSh bilan tuzilgan memorandum bo‘yicha majburiyatlarini to‘xtatdi
Eron AQSh bilan mojaroni to‘xtatish bo‘yicha imzolangan memorandum doirasidagi o‘z majburiyatlarini bajarishni vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiyning bildirishicha, Tehron hozirda mamlakat mudofaasi masalalariga e’tibor qaratayotgani sababli memorandum bo‘yicha majburiyatlarni bajarmayapti.
«Biz ham o‘z majburiyatlarimizni bajarishni to‘xtatdik. Ayni paytda asosiy e’tiborimiz mamlakat mudofaasini ta’minlashga qaratilgan», – dedi u.
Avvalroq, 15-iyul kuni Eron parlamenti spikeri va AQSh bilan muzokaralar bo‘yicha Eron delegatsiyasi rahbari Muhammad Boqir Qolibof ham Vashington memorandum shartlariga amal qilmayotgan bir paytda Tehronning ham unga rioya qilishi ma’nosiz ekanini ta’kidlagan edi.
Mojaroni yakunlashni nazarda tutuvchi memorandum Tehron va Vashington o‘rtasida 18-iyun kuni imzolangan edi. Biroq 8 iyuldan boshlab AQSh harbiylari Eron hududiga bir necha marta zarba berdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi bu harakatlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan tijorat kemalariga nisbatan Eron tomonidan sodir etilgan harakatlarga javob sifatida izohlagan.
Bunga javoban Eron qurolli kuchlari Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar bergan. Shuningdek, Tehron Vashingtonni o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi memorandumni buzganlikda ayblagan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa 9 iyul kuni o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda emasligini bildirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter