Gulnora Karimovadan qaytarilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilgan dastur yakunlandi
O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi doirasida Gulnora Karimovadan qaytarilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan ilk sog‘liqni saqlash dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi.
2023-yil sentyabridan amalga oshirilgan «Har bir ona va bola yashaydi hamda rivojlanadi: O‘zbekistondagi perinatal markazlarda onalar va bolalar o‘limini qisqartirish» loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda davlat idoralari, Shveysariya elchixonasi, BMT agentliklari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Loyiha «Ishonch» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun 43,5 million AQSh dollari yo‘naltirildi. Dastur UNICEF, UNFPA va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamkorligida hayotga tatbiq etildi.
Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Buning uchun 31 million dollardan ortiq mablag‘ sarflanib, inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, anesteziya tizimlari va boshqa zamonaviy uskunalar hududlarga yetkazib berildi.
Shuningdek, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi zamonaviy perinatal yordam, murakkab homiladorlik holatlarini boshqarish, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash hamda laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha qayta tayyorlandi.
Loyiha davomida onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 49 ta klinik protokol ishlab chiqildi yoki yangilandi.
Axborot kampaniyalari orqali qariyb 20 million nafar fuqaro qamrab olindi, natijada 4 millionga yaqin aholi sifatli onalik va perinatal xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan onalar o‘limi ulushi 2022 yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha kamaygan. Juda kam vaznda tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi esa dastur boshlanganidan buyon qariyb 13 foizga yaxshilangan.
«Ishonch» jamg‘armasi O‘zbekiston va Shveysariya hukumatlari o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, xorijdan qaytarilgan aktivlarni aholi manfaatlari yo‘lida, xususan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirishni nazarda tutadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter