Hazorasplik ota farzandiga aliment o‘rniga yashab turgan uyini hadya qildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati Bog‘ot tumanlararo sudining 2026-yil 12-iyundagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.A.dan undiruvchi J.M. foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun har oylik ish haqi va daromadlarining 1/4 qismi miqdorida voyaga yetgunga qadar aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Hazorasp tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari, qolaversa, targ‘ibot ishlari natijasida alimentchi ota Byuroning Hazorasp tumani bo‘limiga kelib, farzandiga to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment evaziga Urganch shahrida joylashgan 3-xonali uyini rasmiylashtirib berish istagini bildirgan.
Shundan so‘ng, tomonlar o‘zaro kelishib qarzdor R.A. tomonidan undiruvchi foydasiga farzandi 18 yoshga to‘lgunga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment pullari hisobiga o‘zining nomida bo‘lgan Urganch shahrida joylashgan 3-xonali uyni undiruvchi J.M. nomiga notarial tartibda rasmiylashtirib berdi va ijro ishi tamomlandi.
Eslatib o‘tamiz, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek voyaga yetmagan bolalar, er (xotin), sobiq xotin (sobiq er) va boshqa mehnatga layoqatsiz shaxslar ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov shartnomasini tuzish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktyabrdagi «Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi 808-sonli qarori bilan belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter