Ijodkorlar uchun yangi imtiyozlar: ipoteka, ijara va bepul tibbiy sug‘urta
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ijod ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar e’lon qilindi.
Endilikda har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va san’at vakili, muzey xodimi va rassomga uy-joy olish uchun ipoteka krediti boshlang‘ich to‘lovining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Shuningdek, boshqa hududdan kelib ishlayotgan ijodkorlar uchun ijara to‘lovlarini kompensatsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra:
– Toshkent shahrida oyiga 2,5 million so‘mgacha;
– viloyatlarda esa 1,6 million so‘mgacha ijara xarajatlari qoplab beriladi.
Uchrashuvda ijodkorlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Endi har yili faoliyatida yuqori natija ko‘rsatgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi.
Bundan tashqari, yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil mehnat qilgan soha vakillariga esa sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
Yana bir yangilik sifatida, 15 iyundan boshlab «Xalq artisti», «Xalq shoiri», «Xalq yozuvchisi» kabi yuksak faxriy unvon sohiblari aeroport va vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi ta’minlanadi.
Prezident uchrashuvda madaniyat va san’at vakillarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter