Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kiberjinoyatlarga qarshi yangi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Kiberjinoyatlarga qarshi yangi qonun loyihasi Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari kiberxavfsizlik talablariga rioya etmagani yoki shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olmagani oqibatida fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni qoplab berishi belgilanmoqda.

Shuningdek, masofaviy davlat xizmatlari tizimidagi shaxsiy akkauntlar yoki SIM-karta identifikatsiya modullarini g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish, shuningdek, boshqa shaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy asoslari ham kengaytirilmoqda. Unga ko‘ra, axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ish uchun ahamiyatli bo‘lgan elektron ma’lumotlar va boshqa dalillarni belgilangan tartibda olib qo‘yish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, bank hisobvaraqlari, elektron hamyonlar va kriptoaktivlar bo‘yicha operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish protsessual majburlov chorasi sifatida joriy etiladi. Bu noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘larni boshqa shaxslarga o‘tkazilishining oldini olishga xizmat qiladi.

Deputatlar ta’kidlashicha, mazkur qonun kiberjinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va mol-mulkini himoya qilish hamda to‘lov infratuzilmasining barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring