Kitob mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga ta’sir ko‘rsatadi
Janubiy Koreya tajribasiga e’tibor qaratsak, butun dunyoni mahv etayotgan K-culture (Janubiy Koreyaning madaniy kontenti) eksporti 2025-yil yakunlariga ko‘ra 14.9 milliard dollarni tashkil etdi.
Koreyaning 2010-2021 yillardagi madaniy kontent dinamikasini ko‘rsatuvchi jadvallari orqali ushbu ulkan eksport oqimi ichida nashriyot sohasi ham juda salmoqli ulushga ega ekanini ko‘ramiz. Ya’ni, bir mamlakatning iqtisodiy va eksport salohiyatini yuksaltirishga nafaqat avtomobillar yoki texnologiyalar, balki yaxshi yozilgan kitoblar ham beqiyos ulush qo‘sha oladi.
Janubiy Koreya adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga ega bo‘lganidan keyin bu ko‘rsatkich yanada oshgan bo‘lsa kerak. Nashriyot va kitoblar rivojlanishi uchun eng muhimi sifatdir. Lekin sifatli kitoblarning soni ham ko‘p bo‘lishi kerak. Misol uchun Koreyada birgina rasmli kitob janrida minglab yozuvchilar ijod qiladi. Fantastika, fentezi, komiks — har bir janrda minglab ijodkorlar asarlar yozadilar. Ichki tanlovlar ular orasidan yaxshilarini aniqlaydilar, bunda juda katta ijobiy ma’nodagi kurash ketadi va eng zo‘r asarlar jamiyat uchun har tomonlama xizmat qiladigan kitoblar bo‘ladi. Shundan so‘ng mamlakat ichida katta muvaffaqiyat qozongan, nechi yuz minglab adad bilan sotilgan kitoblar jahon arenasiga chiqadi va dunyoni zabt etishni boshlaydi.
Bizda bugun bolalar adabiyoti yozuvchilarini sanasak, har bir janrda 3-4 tadan ko‘p ijodkor topa olmaymiz. Vaholanki 38 million xalq uchun minglab yozuvchilar bo‘lishi kerak, bolalar yozuvchilari esa balki undan-da ko‘proq. Qachonki bolalar yozuvchilari ko‘paysa, janrlar xilma xilligi oshsa, kitoblar texnik jihatdan yaxshilansa, kitob bozori shakllanadi, kitobxonning didi rivojlanadi, saviyasi oshadi. Keyin biz ham bemalol jahon bozoriga chiqa olamiz. Shunda ehtimol dunyo arenasida nafaqat koreys kontentini kuzatamiz, balki raqamli o‘yin, kino, serial, musiqa va albatta, kitob shaklidagi o‘zbek kontentini («Uz-culture» brendini) eksport qila boshlaymiz.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter