Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lavrov AQShning Ukraina bo‘yicha yondashuvini ijobiy baholadi

Lavrov AQShning Ukraina bo‘yicha yondashuvini ijobiy baholadi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina bo‘yicha Moskva bilan muzokaralarda «hududdagi real vaziyat»dan kelib chiqmoqda. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, bu, Rossiya tomonining ijobiy munosabati va muloqotni davom ettirishga tayyorligini oshiryapti.

Lavrov AQSh tomoni, jumladan, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligini hamda hududiy masalalarda amaldagi vaziyatni hisobga olish zaruratini tan olayotganini aytdi. U Qrim, Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson bo‘yicha Rossiya pozitsiyasini ham shu nuqtai nazardan izohladi.

Rossiya TIV rahbari Moskvada Vladimir Putinning AQSh vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan o‘tkazgan muzokaralari ham Trampning Ukraina bo‘yicha shu yondashuviga tayanganini ta’kidladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa amerikalik vakillar Moskva va Kiyev o‘rtasida qatnab, ikki tomon pozitsiyalarini yetkazayotganini bildirdi. U Rossiya Ukraina va AQSh ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar qayta boshlanishidan umidvor ekanini aytdi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bir tomondan harbiy maqsadlariga erishishga yaqin ekaniga ishonadi, ikkinchi tomondan esa istalgan vaqtda tinch yo‘l bilan kelishuvga o‘tishga tayyor.

Shu bilan birga, Lavrov Qora dengiz g‘alla tashabbusini qayta tiklash g‘oyasini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va real bo‘lmagan» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya 2023-yilda kelishuvdan chiqishiga Moskvaga berilgan va’dalar bajarilmagani sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Uitkoff va Kushner 5–6 sentyabr kunlari avval Moskvaga, so‘ng Kiyevga tashrif buyurdi. Mazkur tashriflar Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni jonlantirishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring