Mashina va transport uskunalari importi 8,3 mlrd dollardan oshdi
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga import qilingan mashina va transport asbob-uskunalari hajmi 8 mlrd 253,3 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,1 foizga ko‘p.
Ushbu bo‘limda eng katta ulushni avtomobillar egalladi. Olti oyda ular importi 2 mlrd 3,7 mln dollarga yetdi va yillik o‘sish 31,7 foizni tashkil qildi.
Yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan dvigatelli avtomobillar va boshqa transport vositalari importi 778,3 mln dollar bo‘lib, ushbu yo‘nalishda o‘sish sur’ati 84,5 foizga yetdi. Avtomobillar qismlari va anjomlari importi esa 904,3 mln dollarni tashkil qildi.
Elektr mashinalari, apparatlari va ularning elektr qismlari importi 1 mlrd 383,2 mln dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 44,4 foizga oshgan.
Sanoat uchun maxsus mo‘ljallangan mashinalar importi 1 mlrd 182,7 mln dollarni tashkil etdi. Elektr aloqasi, ovoz yozish va ovozni eshittirish apparaturalari hamda uskunalari importi 840,9 mln dollarga yetgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda 96 foizlik o‘sish qayd etildi.
Energiya generatori mashinalari va asbob-uskunalari importi 839,7 mln dollarga yetdi va o‘tgan yilga nisbatan 56 foizga ko‘paydi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlaridan biri avtomatik ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan kanselyariya mashinalari va uskunalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning importi 336,8 mln dollarni tashkil etib, 77,5 foizga oshdi.
Samolyotlar va boshqa mexanik quvvatga ega uchish apparatlari importi 202 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, metallni qayta ishlash mashinalari importi 78,1 mln dollarni tashkil qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter