O‘zbekistonda o‘qituvchi va shifokorlarga teatr, kino va konsert uchun bepul vaucherlar beriladi
O‘zbekistonda har yili 500 ming o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga, 100 ming ehtiyojmand oila va nogironligi bor bolalarga teatr, kino va konsertga bepul vaucher taqdim etiladi. Bu haqda prezidentning madaniyat va san’at vakillari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, 1 iyuldan har bir tuman va mahallada konsert-tomosha o‘tkazish xarajatining 20 foizgacha qismi budjetdan qoplab beriladi.
Shuningdek, konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya, bolalar kontenti faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar, madaniyat-san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk va daromad soliqlaridan ozod qilinadi.
Tadbirkorlar, yirik kompaniyalarning adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish maqsadida yo‘naltirgan homiylik mablag‘lari ham soliqqqa tortilmaydi.
Endi viloyat hokimliklari huzurida alohida direksiya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Direksiyalar konsert, teatr, madaniyat saroylari zallarini to‘liq ishlatish, har kuni madaniy tadbirlar tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.
Konsert-tomosha tashkilotchilarida bunday ommaviy tadbirlarni tinch-osoyishta va tartibli o‘tkazish bo‘yicha e’tirozlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Mas’ul idoralar ommaviy-madaniy tadbirlar davlatnikimi, xususiy bo‘ladimi, barchasini xavfsiz va tartibli o‘tkazishga javobgar ekani qayd etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter