Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek olimlari yaralarni tez tuzatuvchi gel kashf etishdi

O‘zbek olimlari yaralarni tez tuzatuvchi gel kashf etishdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari xalqaro hamkorlar bilan birgalikda infeksiyalangan yaralarni davolashga mo‘ljallangan yangi avlod ko‘p funksiyali gidrogel bog‘lamasini ishlab chiqdi.

Tadqiqot natijalari nufuzli “Chemical Engineering Journal” xalqaro ilmiy jurnalida e’lon qilinib, jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan e’tirof etildi.

Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqilgan gidrogel yuqori yopishuvchanlik, elastiklik, antibakterial va antioksidant xususiyatlarga ega. U yarani tashqi omillardan himoya qilib, yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi hamda to‘qimalar regeneratsiyasini tezlashtiradi. Gidrogel tarkibida polivinil spirt, midiya musini, temir ionlari va artemizinin qo‘llanilgan bo‘lib, ikki tarmoqli tuzilishi uning mexanik mustahkamligini ta’minlaydi.

Tajriba natijalari gidrogel bakteriyalarga qarshi yuqori samaradorlikka ega ekanini, oksidlovchi stressni pasaytirish va yara bitishini rag‘batlantirishini ko‘rsatgan. Bu esa infeksiyalangan yaralarda sog‘ayish muddatini qisqartirish imkonini beradi.

Texnika fanlari doktori, professor Haydar Yunusovning ta’kidlashicha, mazkur gidrogel an’anaviy bog‘lamalardan farqli ravishda faqat yarani yopish bilan cheklanmay, bir vaqtning o‘zida bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi, yallig‘lanishni nazorat qiladi va to‘qimalar uchun qulay nam muhit yaratadi. Shuningdek, u nam muhitda ham teriga mustahkam yopishishi, biomuvofiqligi va xavfsizligi bilan ajralib turadi.

Mutaxassislar ushbu innovatsion ishlanmani tibbiyot amaliyoti uchun istiqbolli yechim sifatida baholamoqda. Qayd etilishicha, bunday ishlanmalar milliy ilm-fan salohiyatining yuksalayotganini yaqqol namoyon etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring