O‘zbekistonda 42 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyati tugatilib, yerlar tabiatga qaytarildi
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan respublika bo‘ylab, qator hududlarda chiqindi poligonlarini qisqartirish bilan bog‘liq ishlar olib borildi.
Jumladan, O‘zbekistonda 2024-yil hamda 2025-yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi jami 47 ta maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilindi hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirildi.
2024-yil hisobi quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta (11 gektar);
Andijon viloyatida 6 ta (14,90 ga);
Buxoro viloyatida 1 ta (0,50 ga);
Qashqadaryo viloyatida 5 ta (19,15 ga);
Namangan viloyatida 3 ta (5,38 ga);
Samarqand viloyatida 1 ta (2,40 ga);
Toshkent viloyatida 3 ta (9,58 ga);
Farg‘ona viloyatida 6 ta (17,11 ga)
Xorazm viloyatida 1 ta (1 ga).
2025-yil bo‘yicha raqamlar quyidagicha:
Respublika miqyosida jami 18 ta (81,68 gektar) qattiq maishiy chiqindi poligonida rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ularda ishlar yakuniga yetdi.
Shu o‘rinda, jami 185 ta (1446,04 gektar) qattiq maishiy chiqindi poligonidan 47 tasida rekultivatsiya qilish hamda tuproq qatlamlari bilan yopish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, respublika bo‘yicha jami 42 ta chiqindi to‘plash poligoni faoliyati tugatilib, 90 gektarga yaqin yer maydoni tabiatga qaytarildi.
Ta’kidlash joizki, yuqorida tilga olingan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 5-son Farmoni bo‘yicha olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi hisobiga 185 ta maishiy chiqindi poligoni o‘tkazilgan.
Bu boradagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 72-bandida maishiy chiqindi poligonlarini 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich yopish, ularni kamida 50 foizga qisqartirish hamda davlat rahbarining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston - 2030” “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirilishiga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonning 9-ilovasi 29-bandida 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarida maishiy chiqindi poligonlarini kamida 50 foizgacha, 2025 yilda 20 foizga qisqartirish belgilangani ijrosi yuzasidan olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter