O‘zbekiston Birinchi xonimi Belgraddagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatimiz Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Serbiya Birinchi xonimi Tamara Vuchich hamrohligida Belgrad shahridagi qator madaniy obyektlarga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturining dastlabki manzili Serbiya Milliy muzeyi bo‘ldi. Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich muzey ekspozitsiyasi bilan tanishib, mamlakat tarixiga oid arxeologik topilmalar, shuningdek, serb va jahon san’ati namunalarini ko‘zdan kechirdilar.
Birinchi xonimlar muzeyda tashkil etilgan «Etno-mreja» an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmasi bilan ham tanishdilar. Unda Serbiyaning milliy hunarmandchilik an’analari va madaniy merosi namunalari namoyish etilgan.
Tashrif davomida Serbiya milliy merosining eng muhim durdonalaridan biri — «Miroslav Injili»ga alohida e’tibor qaratildi. XII asrga oid mazkur noyob qo‘lyozma serb kirill yozuvining eng qadimiy namunalaridan biri hisoblanadi.
Yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan qo‘lyozma mohirona bezatilgan miniatyuralari bilan ham ahamiyatli. 2005 yilda «Miroslav Injili» YuNESKOning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan.
Shundan so‘ng Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich dunyodagi eng yirik pravoslav ibodatxonalaridan biri hamda Serbiyaning muhim ma’naviy ramzlaridan sanaladigan Avliyo Savva cherkoviga tashrif buyurdilar.
Tashrif doirasidagi samimiy muloqotda Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter