Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston eksportida qaysi mahsulotlar eng katta ulushni egallamoqda?

O‘zbekiston eksportida qaysi mahsulotlar eng katta ulushni egallamoqda?

2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonning umumiy eksport hajmi 12,6 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, eksport tarkibida xizmatlar sohasi eng katta ulushni saqlab qoldi.

Hisobotga muvofiq, xizmatlar eksporti 4,6 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,9 foizga oshgan. Keyingi o‘rinlarda 1,9 mlrd dollarlik sanoat tovarlari hamda 1,1 mlrd dollarlik turli xil tayyor buyumlar qayd etildi.

Shuningdek, kimyoviy mahsulotlar eksporti 1 mlrd dollarga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti ham 1 mlrd dollarga yetdi. Har ikki yo‘nalishda ham o‘tgan yilga nisbatan o‘sish kuzatilgan.

Tayyor buyumlar eksporti eng yuqori o‘sish sur’atini namoyon etib, qariyb ikki barobarga yoki 99,7 foizga ko‘paydi. Shuningdek, hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar va mumlar eksporti 90,1 foizga oshgan.

Mashina va transport uskunalari eksporti 536 million dollarga yetib, 38,2 foizga o‘sdi. Kimyoviy mahsulotlar eksporti 37,6 foiz, xizmatlar eksporti esa 34,9 foizlik o‘sishni qayd etdi.

Mineral yoqilg‘i va moylash materiallari eksporti 660,7 million dollar, ichimliklar va tamaki eksporti 106,9 million dollar, nooziq-ovqat xomashyosi eksporti esa 131,4 million dollarni tashkil qildi. Ushbu yo‘nalishlarda ham ijobiy dinamika saqlanib qolgan.

Shuningdek, boshqa tovarlar eksporti 1,5 mlrd dollar bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 76,4 foizga kamaygan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring