Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «Ekohamkor» maqomi joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda «Ekohamkor» maqomi joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda yashil hududlarni kengaytirish va aholi hamda tadbirkorlarni ekologik tashabbuslarga faol jalb etish maqsadida «Ekohamkor» maqomini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu Hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, kamida 1 000 tup daraxt va buta ko‘chatidan iborat yashil bog‘ yoki yashil jamoat parki tashkil etgan, yoki Yashil xayriya jamg‘armasiga kamida 200 million so‘m xayriya qilgan jismoniy va yuridik shaxslar «Ekohamkor» maqomini olishi mumkin.

Mazkur maqom egalariga yashil bog‘ yoki parkka o‘z nomi yoki tashkiloti nomini berish, ekologik tadbirlar o‘tkazish hamda o‘z faoliyatini targ‘ib qilish huquqi beriladi. Biroq bu huquqlardan foydalanish jarayonida yashil hududlarda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.

Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bilan kelishilmagan ekoaksiyalar va ekofaoliyatlarni reklama qilish reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb baholanishi belgilanmoqda.

Loyihada «Ekohamkor» maqomi har yili tanlov asosida har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 14 nafar jismoniy va 14 nafar yuridik shaxsga berilishi nazarda tutilgan. G‘oliblar may oyida tasdiqlanib, iyun oyining birinchi o‘n kunligida tantanali taqdirlanadi.

Bundan tashqari, eng yuqori natija ko‘rsatgan 7 nafar jismoniy va 7 nafar yuridik shaxs «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi, keyingi yillarda eng faol ishtirokchilardan biri «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog» faxriy unvoniga tavsiya etilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga muvofiq, «Ekohamkor» maqomini olganlarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklarida iste’mol krediti olishda imtiyozlar berish taklif etilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring