O‘zbekistonda istirohat bog‘lariga tashriflar soni 27 millionga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda 161 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat yuritgan. Ularning umumiy maydoni 1,8 ming gektarni tashkil etgan.
Bog‘lar soni 2024-yilga nisbatan 25 taga ko‘paygan. 2025-yil davomida esa ushbu bog‘larga jami 27 millionta tashrif qayd etilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 3,2 milliontaga ko‘p.
Tashriflar soni bo‘yicha Toshkent shahri keskin ustunlik qilgan — 14,5 million marta. Namangandan 9,2 million marta tashrif qayd etilgan. Qolgan hududlarda bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan.
Buxoro viloyatida 631 ming, Samarqandda 537,1 ming, Farg‘onada 384 ming, Andijonda 365,5 ming, Jizzaxda 356 ming va Navoiyda 327,5 ming tashrif qayd etilgan.
Surxondaryoda bog‘larga 276,1 ming, Qashqadaryoda 186 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 120,2 ming, Xorazmda 101,1 ming marta tashrif buyurilgan.
Sirdaryo viloyatida 34 ming, Toshkent viloyatida esa atigi 16,7 ming tashrif qayd etilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahrida 29 ta, Samarqandda 17 ta, Andijonda 20 ta istirohat bog‘i mavjud.
Hududlar kesimida bog‘lar soni va ularga tashriflar o‘rtasida sezilarli farq bor. Masalan, Toshkent shahrida 29 ta bog‘ga 14,5 million tashrif qayd etilgan bo‘lsa, Toshkent viloyatida 3 ta bog‘ga bor-yo‘g‘i 16,7 ming tashrif to‘g‘ri kelgan. Shu jumladan, Namangan viloyatida esa atigi 5 ta bog‘ bo‘lishiga qaramay, ularga 9,2 million tashrif qayd etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter