O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln so‘mdan oshdi
2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 91,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi — 12 mln 13,9 ming so‘m. Shuningdek, Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi 8 mln 722,7 ming so‘m, Toshkent viloyatida esa 6 mln 675,7 ming so‘mni tashkil qildi.
Viloyatlar orasida eng yuqori o‘sish sur’ati Jizzax viloyatida kuzatildi. Bu yerda o‘rtacha ish haqi 5 mln 399,4 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 20,4 foizga oshgan. Namangan (19,4 foiz), Toshkent viloyati (17,8 foiz), Qashqadaryo (17,2 foiz), Samarqand (17 foiz) va Buxoro (16,9 foiz) viloyatlarida ham yuqori o‘sish qayd etildi.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi:
- Toshkent shahri — 12 mln 13,9 ming so‘m (+18,2%)
- Navoiy viloyati — 8 mln 722,7 ming so‘m (+16,4%)
- Toshkent viloyati — 6 mln 675,7 ming so‘m (+17,8%)
- Andijon viloyati — 5 mln 683,6 ming so‘m (+15,1%)
- Buxoro viloyati — 5 mln 618,2 ming so‘m (+16,9%)
- Sirdaryo viloyati — 5 mln 604,9 ming so‘m (+16,8%)
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 5 mln 556,6 ming so‘m (+16,2%)
- Xorazm viloyati — 5 mln 499,8 ming so‘m (+16,3%)
- Jizzax viloyati — 5 mln 399,4 ming so‘m (+20,4%)
- Samarqand viloyati — 5 mln 192,7 ming so‘m (+17,0%)
- Namangan viloyati — 5 mln 190,7 ming so‘m (+19,4%)
- Farg‘ona viloyati — 5 mln 163,5 ming so‘m (+16,0%)
- Surxondaryo viloyati — 4 mln 937,3 ming so‘m (+15,8%)
- Qashqadaryo viloyati — 4 mln 864,7 ming so‘m (+17,2%)
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida qayd etildi — 19 mln 100,2 ming so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa sohasi — 17 mln 417,4 ming so‘m, hamda tashish va saqlash sohasi — 11 mln 70 ming so‘m joylashdi.
Eng yuqori ish haqi o‘sishi tashish va saqlash sohasida kuzatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,8 foizni tashkil etdi. Ta’lim sohasida ish haqi 20,3 foizga oshib, 4 mln 977,1 ming so‘mga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa 20,1 foizga o‘sib, 4 mln 440,3 ming so‘mga yetdi.
Qurilish sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln 27,9 ming so‘mni tashkil etib, bir yil ichida 19,9 foizga oshgan. Savdo sohasida o‘rtacha ish haqi 7 mln 650,5 ming so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida esa 5 mln 189,6 ming so‘m etib qayd etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter