Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda pillachilik Buyuk ipak yo‘lidan 2 ming yil avval paydo bo‘lgan — tadqiqot

O‘zbekistonda pillachilik Buyuk ipak yo‘lidan 2 ming yil avval paydo bo‘lgan — tadqiqot

Foto: O‘zA

Xalqaro tadqiqotchilar guruhi Xitoyda xonakilashtirilgan ipak qurti Markaziy Osiyoga qariyb 4 ming yil avval, ya’ni Buyuk ipak yo‘li shakllanishidan qariyb ikki ming yil oldin yetib kelganini aniqlashdi. Bu haqda China Daily xabar berdi.

Bu xulosa qadimgi dunyoda ipakning tarqalishi haqidagi keng tarqalgan qarashlarga shubha uyg‘otib, Yevroosiyodagi ilk globallashuv jarayonlari haqidagi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘lmoqda.

Tadqiqot xulosalari 2017–2019-yillarda Xitoy va O‘zbekiston olimlari tomonidan O‘zbekiston janubidagi bronza davriga oid Sopollitepa arxeologik yodgorligida olib borilgan dala tadqiqotlari davomida topilgan uchta quritilgan ipak qurti pillasi hamda tut daraxti yog‘ochi qoldiqlari tahliliga asoslangan.

Xitoy, O‘zbekiston, Germaniya va AQShning oltita ilmiy muassasasi olimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari 23-iyulda Science Advances ilmiy jurnalida e’lon qilingan.

Ipak qurtini xonakilashtirish va ipak ishlab chiqarish texnologiyasi qadimgi Xitoyda paydo bo‘lgan. Genom va arxeologik ma’lumotlar bu jarayon taxminan 8,5 ming yil — 5 ming yillar burungi davrda yuz berganini ko‘rsatadi. Biroq xitoy ipagi mamlakat tashqarisiga ilk bor qachon va qanday yo‘l bilan tarqalgani uzoq yillar davomida olimlar o‘rtasida bahsli masala bo‘lib kelgan. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, xitoy ipagi g‘arbga Xan sulolasi (miloddan avvalgi 206-yil – milodiy 24-yil) davrigacha tarqalmagan. Chunki Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘li aynan Xan sulolasi davrida shakllana boshlagan.

Yangi tadqiqot esa uzoq yillar davomida ustuvor bo‘lib kelgan ushbu qarashni rad etmoqda.

«Oqsillar tahlili orqali biz uchta pilla inson parvarishisiz va tut daraxti barglarisiz yashay olmaydigan xonaki tut ipak qurti — Bombyx mori turiga mansubligini aniqladik. Shuningdek, ularning yoshi taxminan 4 ming yil ekanini ham belgiladik», — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, Chunsin shahridagi Janubi-G‘arbiy universitet professori Sya Sinyu.

Tadqiqotga rahbarlik qilgan, Xitoy FAga qarashli Umurtqalilar paleontologiyasi va paleoantropologiyasi instituti ilmiy xodimi Chjou Sinin jamoa nafaqat ipak qurti pillalarini, balki tut daraxti yetishtirilganini tasdiqlovchi dalillarni ham aniqlaganini ma’lum qildi.

«Bu Markaziy Osiyodagi aholi jamoalari Buyuk ipak yo‘li ochilishidan ancha avval ipak ishlab chiqarishni boshlaganini anglatadi. Shuningdek, bu Xitoyda yaratilgan noyob texnologiya o‘z vatani chegarasidan ancha uzoqlarga tarqalganini ko‘rsatadi», — dedi Chjou.

Sopollitepa yodgorligidan olingan tuproq namunalari tarkibidan uchta ipak qurti pillasi, shuningdek, minglab o‘simlik qoldiqlari topilgan. Skanerlovchi elektron mikroskop yordamida o‘tkazilgan tahlil ularning tolali tuzilishi Bombyx mori pillalariga mos kelishini ko‘rsatgan.

Qadimiy tolalarning qalinligi hozirgi xonaki yoki yovvoyi ipak qurtlari tolalariga nisbatan ancha ingichka bo‘lgan. Bu esa ular ipak qurtini xonakilashtirish jarayonining dastlabki bosqichiga mansub bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Xitoy Fanlar akademiyasiga qarashli Umurtqalilar paleontologiyasi va paleoantropologiyasi instituti ilmiy xodimi Shen Xueyning ma’lum qilishicha, tadqiqotchilar o‘rgangan uchta arxeologik yodgorlik — Sopollitepa, Jarqo‘ton va Mo‘lalidan tut daraxti ko‘miri qoldiqlari topilgan.

«Yoqilg‘i sifatida ishlatilgan tut daraxti ko‘mirining ulushi Sopollitepada 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Mo‘lalida bu ko‘rsatkich 60 foizga yetgan. Bu vaqt o‘tishi bilan tut daraxti yetishtirish ko‘lami kengayganini ko‘rsatadi», — dedi Shen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotchilar janubi-sharqiy Himolay hududiga xos sitrus daraxti qoldiqlarini ham aniqlagan. Bu esa Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalar ancha qadim davrlarga borib taqalishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Olimlar Osiyoda tut daraxtiga oid arxeologik topilmalarni tahlil qilish asosida ipakchilik an’anasi Xitoydan Markaziy Osiyoga mashhur shimoliy Buyuk ipak yo‘li yo‘nalishi orqali emas, balki dastlab Himolay tog‘larining janubiy yonbag‘irlari bo‘ylab tarqalgan, degan xulosaga keldi.

«Bu kashfiyot ipakchilik tarixi ilk globallashuv jarayonlarining kengroq manzarasiga uyg‘unlashtiradi. U miloddan avvalgi uchinchi va ikkinchi ming yilliklarda Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasida tariq, bug‘doy, chorvachilik va metallurgiya texnologiyalarining tarqalishi bilan bir qatorda rivojlanganini ko‘rsatadi», — dedi Chjou.

Uning ta’kidlashicha, bu natijalar qariyb 4 ming yil avval Yevroosiyo bo‘ylab yashagan jamoalar umumiy bilim va texnologiyalar tarmoqlari orqali o‘zaro bog‘langanini ko‘rsatadi. Bu esa olimlar avval hisoblab kelganidan ancha ertaroq davrga to‘g‘ri keladi.

Olingan natijalar bronza davri Osiyosida ipakchilikning turli shakllari mavjud bo‘lgan-bo‘lmagani haqida ham yangi savollarni kun tartibiga olib chiqadi.

«Bu kashfiyot Xitoyning eng muhim ixtirolaridan biri dunyoning boshqa hududlariga qachon va qaysi yo‘llar orqali tarqalgani haqidagi mavjud xronologiya va tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishga undaydi», — dedi Chjou.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kelgusi tadqiqotlar ipakchilik Markaziy Osiyoga yetib kelganidan keyin qanday rivojlangani va turli yo‘nalishlarda shakllanganini o‘rganishga qaratiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring