O‘zbekistonda raqamli valyuta to‘lov vositasi sifatida sinab ko‘riladi
O‘zbekistonda HUMO barqaror tokenidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha pilot loyiha boshlanmoqda.
Loyiha Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nazoratida amalga oshiriladi. Uning maqsadi raqamli to‘lovlarning yangi shaklini amaliyotda sinab ko‘rishdan iborat.
Loyiha doirasida 1 HUMO tokeni 1 so‘mga teng bo‘ladi. Tokenlar O‘zbekistonning davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
HUMO tokeni orqali O‘zbekiston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lov qilish imkoniyati sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, tokenlarni chiqarish, muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish mexanizmlari ham tekshiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun bank, protsessing va blokcheyn tizimlari o‘zaro integratsiya qilinadi. Unda «HUMO Digital» MChJ hamda kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-do‘kon litsenziyalariga ega «Asterium» AJ ishtirok etadi.
Pilot loyiha maxsus huquqiy rejim — «regulyator qumdoni» doirasida o‘tkaziladi. Bu yangi moliyaviy texnologiyalarni cheklangan va nazorat qilinadigan muhitda sinab ko‘rish imkonini beradi.
Sinov jarayonida tokenlarning yetarli darajada ta’minlangani, operatsiyalar shaffofligi, kiberxavfsizlik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy xatarlarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Markaziy bank loyihaning moliyaviy va narxlar barqarorligiga ta’sirini ham kuzatib boradi.
Pilot loyihaning dastlabki muddati 12 oy etib belgilangan. Zarur hollarda u uzaytirilishi mumkin, biroq umumiy muddat 3 yildan oshmaydi.
Loyiha yakunlariga ko‘ra, davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan raqamli tokendan O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyatlari va xatarlari baholanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter