Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yagona Ekologiya kodeksi ishlab chiqildi: 53 ta qonun bitta hujjatga jamlanadi

O‘zbekistonda yagona Ekologiya kodeksi ishlab chiqildi: 53 ta qonun bitta hujjatga jamlanadi

O‘zbekistonda Ekologiya kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat qabul qilinsa, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi amaldagi 53 ta qonunning normalari yagona kodeksga birlashtiriladi. Bu haqda qonun loyihasi konsepsiyasida ma’lum qilingan.

Loyihaga ko‘ra, yangi Ekologiya kodeksi 25 bo‘lim, 131 bob va 665 moddadan iborat bo‘ladi. Unda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv resurslarini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga oid huquqiy normalar jamlanadi.

Hujjat qabul qilinishi bilan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida», «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida», «Chiqindilar to‘g‘risida», «Ekologik nazorat to‘g‘risida», «O‘rmon to‘g‘risida», «Ekologik audit to‘g‘risida» va boshqa sohaviy qonunlar kodeks tarkibiga kiritiladi hamda ular o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Loyihada qator yangi huquqiy mexanizmlar ham nazarda tutilgan. Xususan, milliy qonunchilikka «ekologiya sohasi» tushunchasini kiritish, «yashil sertifikat» va ekologik markirovka tizimini joriy etish, yuqori ekologik xavf tug‘diruvchi korxonalar uchun majburiy ekologik sug‘urta, ekologik audit va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, issiqxona gazlari chiqarilishini cheklash, uglerod ofseti, «yashil» obligatsiyalar, «uglerod izi»ni baholash, davlat kosmik ekologik monitoringi, uchuvchisiz uchish apparatlaridan ekologik nazoratda foydalanish kabi zamonaviy yondashuvlar ham kodeksdan o‘rin olgan.

Loyiha ishlab chiquvchilarining ta’kidlashicha, Ekologiya kodeksining qabul qilinishi sohadagi qonunchilikni tizimlashtirish, xalqaro ekologik standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish, fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlash hamda qonunlarni qo‘llash amaliyotini soddalashtirishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring