O‘zbekistonga Yevropa Ittifoqi komissarlari tashrif buyurmoqda
25-27 noyabr kunlari Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela hamda kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos O‘zbekistonda mehmon bo‘ladi.
YeIning yurtimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berishicha, komissarlar tashrif davomida Yevropa va Markaziy Osiyoni tezkor bog‘lashga qaratilgan Trans-Kaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirishga e’tibor qaratadi.
Ushbu yo‘lak YeIning “Global darvoza” (Global Gateway) investitsiya strategiyasi doirasidagi asosiy tashabbus bo‘lib, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya, Yevropa va yo‘lak bo‘ylab joylashgan boshqa davlatlarda farovonlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
YeIning yuqori martabali mulozimlari 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumida ishtirok etadilar.
Komissar Yozef Sikela esa 26 noyabr kuni o‘tkaziladigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo 3-iqtisodiy forumida qatnashib, mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratadi.
Har ikki yuqori darajadagi anjuman O‘zbekiston hukumati hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan Toshkentda tashkil etiladi.
Tashrif davomida Yevropa komissarlari bir qator muhim ikki tomonlama va mintaqaviy shartnomalarni imzolaydi, hamkor davlatlarning yuqori darajadagi rasmiylari bilan uchrashadi.
“Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik bugun har qachongidan ham mustahkam bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Birinchi bor bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo sammitida e’lon qilingan 12 milliard yevrolik “Global darvoza” investitsiya paketi va mening joriy yilgi tashrifimdan so‘ng biz endi natijaga yo‘naltirilgan amaliy ishlarga kirishdik. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘shma ravishda tashkil etilayotgan bu ikki forum davlat va xususiy sektor investorlarini birlashtirib, aniq natijalarga erishish, iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlarga kengroq kirish va barqarorlikni oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi”, – deydi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela.
“Yirik mintaqaviy va global muammolar mavjud transport yo‘llariga bosim o‘tkazmoqda. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga harakat erkinligini oshirishimiz mumkin. Ko‘proq imkoniyatlar – hammamiz uchun ko‘proq mustaqillik demakdir. Xitoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Qora dengizni Yevropa bilan bog‘laydigan temiryo‘l va portlar orqali konteyner tashish hajmi 2030 yilga borib uch baravarga, 2040 yilga kelib esa besh baravarga oshirilishi mumkin. Biroq islohotsiz investitsiyalar bo‘lmaydi. Toshkentdagi forum ana shu yo‘nalishdagi bir qadamdir: barchamizga tez harakatlanadigan temir va avtomobil yo‘llari, chegaralarda qisqa kutish vaqti, xarajatlarning kamaytirilishi hamda hujjat aylanishining soddalashtirilishi zarur”, – deydi Kengayish masalalari bo‘yicha komissar Marta Kos.
Trans-Kaspiy transport yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik investorlar forumi Yevropa Ittifoqi, Qora dengiz bo‘yi va Markaziy Osiyo davlatlarini bir maydonga to‘plab, bog‘liqlik kun tartibini ilgari surishga xizmat qiladi. Anjumanda 2024 yil yanvar oyida Bryusselda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo transport o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha birinchi investorlar forumida davrida erishilgan natijalarni ko‘rib chiqiladi.
Dasturda transport va logistika bo‘yicha sessiyalar bo‘lib, unda normativ uyg‘unlashtirish, infratuzilmaga investitsiyalar va savdo yo‘laklarini raqamlashtirish kabi o‘zaro bog‘liqlik jihatlari muhokama qilinadi.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi esa ikki mintaqa o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. U 2025 yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomidir. Forum biznes va investitsiya muhiti, savdoni yengillashtirish, normativ-huquqiy uyg‘unlashtirish, investitsiya imkoniyatlari, davlat-xususiy sherikliklarini ko‘paytirish va muhim xomashyo bo‘yicha barqaror ta’minot zanjirlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter