Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxta plani, og‘ir mehnat va o‘zgargan taqdirlar: mustaqillik o‘zbek ayoli hayotini qanday o‘zgartirdi?

Paxta plani, og‘ir mehnat va o‘zgargan taqdirlar: mustaqillik o‘zbek ayoli hayotini qanday o‘zgartirdi?

Foto: Sun’iy intellekt

Mustaqillik. Uning qadrini sobiq tuzumning og‘ir kunlarini bevosita tanasida his qilganlar juda yaxshi anglaydi. Inson xotirasida muhrlanib qolgan tarixning alamli izlarini unutish oson emas. Ammo yangi davr sahifalari ochilar ekan, qalblarda umid uyg‘ondi. Yaratilgan yangi imkoniyatlar esa odamlarni farovon hayot va yuksak marralar sari intilishga unday boshladi.

Barcha yo‘llar paxta dalasiga eltardi...

Sobiq Ittifoq davrida qishloq ayolining mavqei “kolxoz ishchisi” degan maqom bilan belgilab qo‘yilgan edi. O‘sha yillarda ular uchun barcha yo‘llar yagona nuqtaga — paxta dalasiga olib borardi. Davlat siyosatida “plan” birinchi o‘rinda turgani bois, xotin-qizlarning salohiyati ichki imkoniyatlari emas, balki terilgan sentnerlar, kunlik reja va normalarni bajarishi bilan baholanardi.

Paxta mavsumi oxiri. Ayollar ochilmay qolgan ko‘sak (ko‘rak)lardan tolani qo‘lda ajratib olishmoqda. Toshkent. 1931 y.
Foto: O‘zArxiv

Shu tariqa, minglab xotin-qizlarning orzulari paxtazordagi “oq qamal” girdobida so‘nib ketardi. Bu achinarli manzara faqat dala bilan cheklanmasdi. Uyda ham ayol uchun ro‘zg‘or va farzand tarbiyasi yagona vazifa hisoblanib, “qiz bolaning o‘rni — uyda”, “birovning xasmi” kabi qarashlar ustuvor edi. Ildiz otgan bunday stereotiplar ko‘plab ayollarning shaxsiy taraqqiyot yo‘lini to‘sar, ularning qobiliyat va orzulari ro‘zg‘or tashvishlari soyasida qolib ketardi. Zero, har qanday salohiyat, agar unga o‘z vaqtida yo‘l ochilmasa, “qo‘riq yer” kabi unmas, rivojlanmas va hosil bermasdan qolishi mumkin.

«Yusupov» kolxozi paxta terimchilari. Toshkent viloyati, 1941 y.
Foto: O‘zArxiv


Albatta, bu voqelikni bugun to‘kis sharoitlarda kamol topayotgan, zamonaviy ta’lim olib, farovonlikda ulg‘ayayotgan avlod to‘liq tasavvur qila olmasligi mumkin. Ammo paxta dalasida atak-chechak qilib, egatlarda ulg‘aygan avlod vakillari bu haqiqatni yaxshi biladi.

O‘shanda ayolning ishlashi, o‘qishi va o‘zini rivojlantirishiga to‘sqinliklar ko‘p edi. Birgina misol — maktabgacha ta’lim muassasalari yetishmasligi tufayli bola tarbiyasining asosiy yuki onalar zimmasida edi. Bu muammoga 2017 yildan boshlab izchil yechim topila boshladi. Maktabgacha ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, sohani moliyalashtirish keskin oshirildi. So‘nggi sakkiz yilda maktabgacha va maktab ta’limiga ajratiladigan mablag‘lar 7 karra ko‘paydi, 1,5 million yangi o‘rin yaratildi. Bugun mamlakatda 7 mingdan ortiq davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Bu raqamlar ortida esa faqat bolalar emas, minglab onalarning yangi imkoniyatlari ham bor. Ayolga ta’lim olish imkoniyatini berish — uning qo‘liga faqat diplom emas, o‘z taqdirini o‘zgartirish kalitini ham tutishdir. Sirtqi va boshqa moslashuvchan ta’lim shakllarining joriy etilishi esa ko‘p farzandli ayollar uchun “yo oila, yo ta’lim” degan tanlovni “ham oila, ham ta’lim” imkoniyatiga aylantirdi.

Qizlar o‘qisa, kelajak o‘zgaradi

Keyingi yillarda xotin-qizlarga foizsiz ta’lim kreditlari, ehtiyojmand qizlarga grantlar, magistraturada o‘qish xarajatlarini davlat hisobidan qoplash kabi imkoniyatlar yaratildi. Natijada bugun oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Magistraturada esa ularning ulushi 60 foizga yetgan. Zero, ilmli ayol — faqat bir mutaxassis emas. U oila tarbiyasi, farzand kamoloti va jamiyat ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatadigan ulkan kuchdir.

Bugun xotin-qizlar tibbiyot sohasida 75 foiz, ta’limda 71 foiz, iqtisodiyot va sanoatda 47 foiz, qishloq xo‘jaligida 43 foizni tashkil etmoqda. Kecha paxtazorda o‘z taqdirini “norma” bilan o‘lchatgan ayol bugun shifokor, o‘qituvchi, tadbirkor, olim, rahbar sifatida jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda. Bu o‘zgarish tasodif emas. Bu — ayol salohiyatiga ochilgan yo‘lning samarasi.

Ayol salohiyatini ochgan “O‘zbek modeli”

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 100 ga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. Imtiyozli kredit, subsidiya, grant, kasb-hunar o‘rgatish va tadbirkorlikka ko‘mak berish kabi choralar ayollarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlamoqda.

Albatta, har bir islohotning haqiqiy qiymati hayotiy misollarda, insonlar taqdirida, qolaversa, tarix ko‘zgusida o‘z aksini topadi. Shubhasiz, bu — uzoq kutilgan ijtimoiy yangilanish, butun jamiyatda kechayotgan yuksalish va uyg‘onishning ifodasidir. Haqiqatan ham, kecha sabr-toqat timsoli bo‘lib, “oq qamal”da qolgan yoki “uyda o‘tirgan” ayol bugun islohotlar jarayonida o‘z salohiyatini namoyon etayotgan, tobora sayqal topayotgan gavharga aylandi.

Bugungi ayol umidvor emas — umid bag‘ishlovchi. U mustaqil O‘zbekistonning faol kuchi, oila va jamiyat taraqqiyotining tayanchi, butun bir millat kelajagini tarbiyalaydigan buyuk salohiyat sohibasidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring