Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari

Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘zlagan tabrigidan asosiy fikrlar:

​Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;

​Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;

​ Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz;

​Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;

​Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik;

​«Paxta qulligi», «majburiy mehnat va bolalar mehnati», «konvertatsiya cheklovi», «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;

​Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik;

​2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz;

​Bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;

​Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari talabalarining yarmidan ko‘pini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar — bilimli oila, bilimli avlod, ma’rifatli jamiyat deganidir;

​Ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir;

​Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi;

​Kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz;

​Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi;

​Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi;

​2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi;

​To‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi;

​ Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz;

​Mahalla jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantiriladi;

​O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘p qirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz;

​Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz;

​ Xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q. Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q;

​Matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring