Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi

Rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 oktyabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida fuqarolarning bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kambag‘allik darajasi 2021 yildagi 17 foizdan 6,8 foizga, kam ta’minlangan oila sifatida nafaqa oluvchilar soni esa 14 foizdan 6,1 foizga kamaydi. 

Shu bilan birga, bugungi kunda aholini og‘ir hayotiy vaziyatlarda daromadsiz qolishi va kambag‘allikka tushishining oldini olish masalalari davlatimizning doimiy e’tiborida. 

Taqdimotda bu boradagi dolzarb masalalar ko‘rsatib o‘tildi. 

Jumladan, xususiy sektorda band bo‘lgan aholining barchasiga ham homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘lab berilmayapti. Bu holatni to‘lovlar ko‘p hollarda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani va raqobatbardoshlikka ta’sir ko‘rsatayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni to‘lashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlash mumkin. 

Qolaversa, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy ta’minotning minimal normalari to‘g‘risida”gi va “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi konvensiyalariga muvofiq, tug‘ish va kasallik bo‘yicha nafaqalar ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali to‘lanishi belgilangan. 

Taqdimotda aholini ijtimoiy nafaqalar bilan qamrovini oshirish hamda milliy ijtimoiy sug‘urta tizimini xalqaro hujjatlarga uyg‘unlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar ko‘rildi. 

Rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026 yil ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lab boriladi. 

Yangi tizimning asosiy maqsadi ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga rasmiy mehnat munosabatlarini rag‘batlantirish ekani ta’kidlandi. 

Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, ijtimoiy sug‘urta sohasini raqamlashtirish, tizim shaffof ishlashi, nafaqalar proaktiv ravishda tayinlanib, to‘lab borilishini ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring