Sharbat qutisi ichidan narkotik moddalar topildi
Sharbat qutisidagi narkotik o‘ramlar ortidan 3,1 kgdan ziyod giyohvandlik vositalari aniqlandi.
Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurash sho‘’basi xodimlari tomonidan respublikamizda giyohvandlik vositalarini noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish yo‘nalishida navbatdagi tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Joriy yilning 3 avgust kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yonidagi 1 dona bolalar uchun sharbat qutisi ichida taxminiy og‘irligi salkam 11 gramm bo‘lgan 20 o‘ramdagi giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur narkojinoyatning ildiziga yetib borish maqsadida kompleksning Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar idoralari vakillarini jalb qilgan holda fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada bu yerda ham geroin, mefedron, marixuanna va boshqa turdagi 3,15 kg og‘irlikdagi an’anaviy va sintetik giyohvandlik vositalari saqlanayotganligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, tezkor-qidiruv tadbiri davom ettirilib, mazkur giyohvandlik vositalarining asl egasi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ham qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter