Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tadbirkorlikka noqonuniy aralashganlik uchun jazolar kuchaytirilishi mumkin

Tadbirkorlikka noqonuniy aralashganlik uchun jazolar kuchaytirilishi mumkin

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va bu kabi harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Loyihada tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, shuningdek ularni noqonuniy tekshirish tashabbusi bilan chiqish yoki tekshiruv o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Xususan, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashgan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha jarima qo‘llash taklif qilingan.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solinishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining 192²-moddasi ham yangi tahrirda bayon etilishi taklif qilingan. Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki ularni qonunga xilof ravishda tekshirish holatlari uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana shunday harakat sodir etilsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.

Bunday holatlarda aybdorlarga BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha jarima, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Qonun loyihasi tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlarining ular faoliyatiga asossiz aralashuvlarini kamaytirishga qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring