Telegramdagi «zakladka» tarmog‘i fosh etildi
Navoiy viloyatida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan yirik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov ma’lum qildi.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga kelib tushgan murojaat yuzasidan Navoiy viloyati IIB TQX hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etilgan. Dastlab, giyohvand moddalarni Telegram orqali «zakladka» usulida iste’molchilarga yetkazib bergan guruh yetakchilari qo‘lga olingan. Shundan so‘ng jinoiy zanjirdagi boshqa ishtirokchilarni aniqlash maqsadida tezkor tadbirlar davom ettirilgan.
Tadbirlar davomida gumonlanuvchilarning yashash xonadonlari va aloqa vositalari ko‘zdan kechirilib, guruhning ikki nafar omborchisi giyohvand moddalarni yashirib, manzil va lokatsiya ma’lumotlarini yetkazuvchi ikki nafar «zakladchik», 8 nafar narkorkurer hamda ularning 11 nafar mijozi aniqlanib, ushlangan.
Tezkor tadbirlar natijasida 1 kiloga yaqin gashish giyohvandlik moddasi hamda giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish uchun tayyorlangan qo‘lbola vositalari daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasiga oid tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter