Toshkent shahar hokimiga ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi
Toshkent shahar hokimiga ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Xudaybergenov Dauletiyar Baxtiyarovich Toshkent shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Dauletiyar Xudaybergenov 1990-yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. 2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutini bakalavriat, 2015-yilda magistratura bosqichlarini tamomlagan. 2024-yilda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetini qayta tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan.
2025-yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014-yilda boshlab, qator mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelgan.
Prezident Administratsiyasida ishlagan davrida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etish, sanoat korxonalarining eksport salohiyatini oshirish, qurilish va kommunal sohani hamda hududlarni rivojlantirish bo‘yicha islohotlarda bevosita ishtirok etgan.
Shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Dusmuhamedov Alisher Ismatillaevich Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi.
Alisher Dusmuhamedov 1981-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini, 2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini, 2021-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2003-yilda boshlab, qator mas’uliyatli vazifalarda ishlagan. 2023-yil 29-martdan buyon O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter