Tramp Kanada tovarlariga 50 foizlik boj joriy etishni kechiktirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada tovarlariga 50 foizlik boj joriy etishni uch kunga kechiktirganini ma’lum qildi. Bojlar bugundan amal qilishi kutilgan edi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatlar Kanada va AQSh o‘rtasidagi Keystone XL deb nomlangan quvurlar tizimini kengaytirish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bojlarni joriy etish shu sababli vaqtincha to‘xtatilgan.
«Kanada va AQSh, hujjatlarni yakuniy kelishishni hisobga olgan holda, kelishuvga erishdi! Uzoq vaqt oldin uyquchi Jo Bayden tomonidan yo‘q qilingan buyuk Keystone XL quvuri qayta tirilishi mumkin!» — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Keyinroq u sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, o‘zi qabrdan Keystone quvurini chiqarayotgani tasvirlangan rasmni ham e’lon qildi.
Reuters agentligining qayd etishicha, prezidentning ushbu bayonotidan oldin AQSh va Kanada hukumatlari o‘rtasida bir necha oy davomida muzokaralar olib borilgan. Shuningdek, Tramp kecha qo‘shni davlat bosh vaziri Mark Karni bilan uchrashgan. Bu ularning bir hafta ichidagi ikkinchi muloqoti bo‘lgan.
Iyul oyida Tramp Kanadadan import qilinadigan keng turdagi tovarlarga 50 foizlik boj joriy etish haqida farmon imzolagan edi. Hujjat muzokaralarni davom ettirish imkonini berish maqsadida bir oydan keyin kuchga kirishi belgilangan.
Politico nashri xabar berishicha, Vashington va Ottava so‘nggi bir necha kundan buyon yangi keng qamrovli savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Kanadadan Amerika alkogolli ichimliklarini import qilishga qo‘yilgan cheklovlarni va avtomobillarga nisbatan bojlarni bekor qilishni, shuningdek, sut mahsulotlari uchun tarif kvotalari bo‘yicha yon berishni talab qilmoqda.
O‘z navbatida, Ottava Kanada avtomobillari va boshqa tovarlariga nisbatan AQSh bojlari kamaytirilishini kutmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter