Tramp va Si Szinpin muzokaralari markazida turgan 4 ta «qaynoq» masala
AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 13-15-may kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga tashrif buyurishi haqida xabar bergandik.
Dunyo afkor ommasi Trampning Pekinga tashrifini katta qiziqish va hayajon bilan kutmoqda. Zero, bu shunchaki navbatdagi diplomatik uchrashuv emas, balki jahondagi ikki eng yirik iqtisodiyot o‘rtasidagi «muzlarni eritish»ga qaratilgan strategik qadam bo‘lishi mumkin.
Xalqaro aloqalar kengashining (Council On Foreign Relations) Xitoy bo‘yicha strategik tashabbuslar rahbari Rash Doshi Donald Tramp va Si Szinpin o‘rtasidagi bo‘lajak muzokaralarning kun tartibini prognoz qildi. Uning taxminiga ko‘ra, muloqot markazidan to‘rtta muhim yo‘nalish o‘rin olishi kutilmoqda.
Birinchisi — iqtisodiy masala. Xitoyning maqsadi — texnologiya va sanoat sohasidagi mavqeini yanada mustahkamlash hamda sekinlashayotgan iqtisodiyotini jonlantirish uchun vaqtdan yutishdir. Oq uy rahbari esa o‘z saylovchilariga ko‘z-ko‘z qilish uchun ko‘proq ramziy g‘alabalarga erishishni ko‘zlamoqda. Xususan, Pekin Boeing samolyotlarini va Amerika soyasini sotib olish borasidagi yirik shartnomalarga imzo qo‘yishi, shuningdek, avvalgi ishchi darajasidagi muzokaralarda belgilab olingan «Savdo palatasi» va unga parallel ravishda «Investitsiya palatasi» tashkil etilishini e’lon qilishi mumkin.
Ikkinchisi — Tayvan. Xitoylik ekspertlarning fikricha, Pekin AQSh rasmiy siyosatining o‘zgarishiga, ya’ni Vashington Tayvan mustaqilligini shunchaki «qo‘llab-quvvatlamasligi» emas, balki unga ochiqchasiga «qarshi» ekani haqida bayonot berishiga hamda Amerika qurol-yarog‘lari savdosi bo‘yicha dastlabki maslahatlashuvlar o‘tkazilishiga erishishga harakat qiladi. Aytish joizki, avvalroq AQSh Tayvanga yirik qurol-yarog‘ paketini yetkazishni kechiktirgan, Trampning o‘zi ham Si Szinpin bilan qurol sotish masalasini muhokama qilganini ochiq tan olgan.
Uchinchi masala — Eron. Tramp va Si uchrashuv o‘tkazayotgan bir paytda, AQSh Harbiy-dengiz kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qamal qilib turishi va Eron neftining eng yirik xaridori — Xitoyga yo‘l olgan tankerlarni o‘tkazmayotgani, albatta, noqulay vaziyat hisoblanadi. Qolaversa, Pekin Tehronga siyosiy va ehtimol, razvedka ma’lumotlari bilan yordam bermoqda hamda dronlar uchun ehtiyot qismlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va raketalar yetkazib berishni qayta tiklashga intilmoqda. Katta ehtimol bilan, har ikki tomon ham ushbu masalada sezilarli natijaga erisha olmaydi. Biroq g‘ayrioddiy vaziyatga qaramay, sammitning o‘tkazilishi — ikki yetakchi ham, hatto poydevori zaif bo‘lsa-da, barqarorlik ko‘rinishini yaratishdan manfaatdor ekanini anglatadi.
To‘rtinchisi — sun’iy intellekt. Bayden va Si Szinpinning 2023 va 2024-yillardagi uchrashuvlarida SI bo‘yicha muloqot uchun ilk poydevor qo‘yilgan va eng muhimi — yadroviy tugmani sun’iy intellektga ishonib topshirmaslik borasida muhim to‘xtamga kelingan edi. Tramp va Si ishtirokidagi shu haftadagi yuzma-yuz uchrashuv esa ushbu yo‘nalishni yana ilgari surish va hech bo‘lmaganda dastlabki, ammo amaliy natijalarni qo‘lga kiritish uchun qulay imkoniyat bo‘lishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter