Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampni o‘ylantiradigan uch muhim masala… Ho‘rmuz, Xark va Eronning yadroviy dasturi (video)

AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushining uchinchi haftasida Prezident Trampni qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan uchta muhim masala kutmoqda:

  1. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi muammosi qanday hal etiladi?
  2. Eronning hayotiy ahamiyatga ega Xark oroli egallanadimi?
  3. Eronning boyitilgan uranini mamlakatdan chiqarish uchun maxsus operatsiya amalga oshiriladimi?

Dunyo Eron inqiroziga to‘liq diqqat qaratgan. Urush aytilganidek qisqa bo‘lmagani, AQSh-Isroil hujumlari va Eronning mos javoblari davom etayotgan bir paytda, bu mojaro yaqinda tugaydimi yoki qanday burilish sodir bo‘ladi, kabi masalalar hammamizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, ya’ni neftning muhim dengiz yo‘li — Eron tomonidan yopilsa, butun dunyoda neft bosimi oshadi. Bu esa Tramp Ho‘rmuz bilan bog‘liq muhim masalalar bilan yuzma-yuz qoladi, deganidir.

Tramp Ho‘rmuzda «tiqilib qoldi»mi?

Ko‘rfazning neftga boy davlatlarini O‘mon dengizi bilan bog‘laydigan bo‘g‘oz, bu inqirozdan oldin kundalik neft va suyultirilgan tabiiy gaz oqimining 20 foizini ta’minlardi va Eron nazoratida edi. Eron bir tomondan neft tankerlariga hujum va tahdidlar, boshqa tomondan GPS tizimlariga hujumlar orqali 33 km kenglikka ega bo‘lgan suv yo‘lidan o‘tishni cheklamoqda.

Inqiroz boshlanganda Tramp Ho‘rmuzdan chiqishda AQSh harbiy kemalari tankerlarni himoya qiladi, deb aytgan va Eron tahdidini jiddiy qabul qilmagan edi. Biroq neft narxlari 100 AQSh dollaridan oshishi va Eronning qarshilik ko‘rsatishi Donald Trampning tashvishlanib, boshqa yechim izlashiga sabab bo‘lgani aniq.

NATO va Xitoyga tahdid haqida ikki og‘iz so‘z

Tramp «taxminan yetti davlat bilan» harbiy qo‘llab-quvvatlash uchun aloqa o‘rnatganini aytdi va ko‘plab davlatlar yordamga chiqishini ma’lum qildi. Tramp yordam bermaydiganlarni keyin eslab qolishini ham eslatdi:

«Biz neftning 1 foizdan kamini bu yerdan olamiz. Ba’zi davlatlar ancha ko‘p oladi. Yaponiya 95 foiz, Xitoy 90 foiz, Janubiy Koreya 35 foiz. Ular kelib, bo‘g‘ozda bizga yordam bersin», — dedi AQSh lideri.

AQSh yetakchisi yana bir intervyusida, Ho‘rmuzda qo‘llab-quvvatlamasa, NATOning kelajagi uchun «juda yomon» bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Tramp Xitoyga Ho‘rmuz bosimini oshirish uchun oy oxirida rejalashtirilgan safarini ham kechiktirishi mumkinligini aytdi. Ayniqsa, Tramp Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Britaniyadan yordam kutmoqda.

Trampning chaqirig‘i «havoda qoldi»

Ho‘rmuz chaqirig‘iga Tramp o‘zi kutgan javobni ololmadi. Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, «Kerakli choralarni ko‘rib, keng miqyosdagi urushga kirmaymiz», dedi. Ular amalga oshiriladigan umumiy rejaga kirishi mumkin, lekin bu faqat minalarning oldini olish uchun uchuvchisiz apparatlarni joylashtirish bilan cheklanadi, xolos. Germaniya Bosh vaziri Fridrix Mers «Bu urush NATO masalasi emasligi aniq edi. Biz unga qo‘shilmaymiz», dedi. Yaponiya va Avstraliya ham harbiy kema yuborish taklifini rad qildi. Italiya Bosh vazir o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri Antonio Tajani ham «Biz urushda emasmiz, urushga kirmoqchi emasmiz va kirmaymiz», deya qat’iy fikrini bildirdi.

Xo‘sh, Xark egallanadimi?

Tramp ma’muriyatini yana bir masala — Eronning neft bilan bog‘liq ishlarida muhim hisoblangan Xark orolini egallash fikri o‘ylantirayotgan bo‘lsa ajab emas. Eron neftining 90 foizi Xark orolidagi inshootlar orqali eksport qilinadi. AQSh rasmiylari Xark AQSh nazoratiga o‘tsa, Eronning muhim neft daromad manbai yo‘qoladi va urush uzoq davom etmaydi, deb hisoblaydi.

Ayni maqsadda o‘tgan hafta juma kuni Xarkka qilingan hujumda 90 ta — boshpanalar, raketa tizimlari, qurol-aslahalar joylari nishonga olingan, ammo neft inshootlariga hujum qilinmagan. Mintaqada 50 ming harbiy bor va AQSh hafta oxirida 5 ming qo‘shimcha dengiz piyodasini yuborishga qaror qilgani ham Xarkni ehtimoliy egallash rejasi bo‘lishi mumkin, degan fikrni uyg‘otadi. Biroq Xarkni egallash amerikalik harbiylarni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan yuzma-yuz kelishga majbur qiladi. Bu esa hatto Tramp tarafdorlari ham xohlamaydigan jihat.

Eron urani — bu borada qanday yo‘l tutiladi?

Bilasiz, AQSh ma’muriyati urush maqsadlaridan biri sifatida Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilishni e’lon qilgan. Biroq Eronda 60 foiz boyitilgan 435 kg uran borligi ma’lum. Yadroviy qurol uchun bu kimyoviy moddaning 90 foizi boyitilishi kerak.

AQSh urushni tugatib, yadroviy modda Eronda qolsa, ular qisqa muddatda yadroviy qurol yaratishi mumkin, degan fikrda. Yadroviy modda Isfahon yadroviy inshooti ostidagi tunnellarda saqlanishi taxmin qilinmoqda. 2025-yil iyun oyidagi 12 kunlik urushda Isfahon hamda boshqa yadroviy inshootlar katta zarar ko‘rgan edi.

Tahlilchilarning fikricha, yadroviy moddani Erondan olib chiqish uchun AQSh tarixidagi eng katta maxsus operatsiya amalga oshirilishi kerak. Bu radiatsiya tarqalishi xavfi tufayli harbiylar va atrof-muhit uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin. Tramp esa bu borada qaror qabul qilish fikridan yiroq ekanini aytgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring