Ukraina va AQSh «tinchlik rejasi»ning aksariyat bandlari bo‘yicha kelishuvga erishdi
Ukraina va AQSh delegatsiyalari Jenevada Vashington tomonidan tashabbus qilingan yangi tinchlik rejasining aksariyat bandlari bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Bu haqda «RBK-Ukraina» o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Jenevada o‘tgan muzokaralarda AQSh rejasining asosiy qismi muvofiqlashtirilgan. Munozarali deb topilgan qator bandlar esa qisman qayta ishlangan. Qiyin bo‘lgan masalalar qatoriga Ukraina Qurolli Kuchlari soni, Zaporoje AES ustidan nazorat, asirlar va qo‘lga olinganlar almashinuvi formati kiradi.
«RBK-Ukraina» manbalariga ko‘ra, eng asosiy bandlar – anneksiya qilingan hududlar bo‘yicha kelishuv va Ukraina Konstitutsiyasiga NATOga a’zo bo‘lmaslik to‘g‘risida norma kiritish masalalari – delegatsiyalar o‘rtasida muhokama qilinmagan. Bu ikki masala alohida holda davlat rahbarlari — Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Manbalardan birining aytishicha, AQSh delegatsiyasi boshlang‘ich muzokaralar davomida Kiyevga qattiq ohangda murojaat qilgan. Ular Ukrainada tinchlik rejasi 27 noyabrgacha ma’qullanmasa, «qurol yetkazib berish ham, razvedka ma’lumotlari ham» to‘xtatilishi haqida ultimatum qo‘ygan.
Qayd etilishicha, agar Kiyev va Vashington yaqin kunlarda to‘liq kelishuvga erishsa, AQSh rejaning Yevropa davlatlariga taalluqli qismlarini ular bilan ham kelishadi va «Rossiyani ishontirish uchun qo‘rqitish va rag‘batlantirish usullari birlashgan taktikani qo‘llaydi».


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter