Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukrainaning Tramp ma’muriyatidagi do‘sti ishdan ketmoqda

Ukrainaning Tramp ma’muriyatidagi do‘sti ishdan ketmoqda

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog 2026 yil yanvar oyida ishdan ketadi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Kit Kellog Tramp ma’muriyatida Ukraina masalalari bo‘yicha ko‘plab amaldorlar ishlayotgani va ayrim holatlardan hafsalasi pir bo‘lgani sabab iste’fo qarorini qabul qilgan.

Kellog prezident Tramp ma’muriyati tinchlik muzokaralarini Ukraina emas, balki Rossiya paysalga solayotganini tan olmayotganidan ham norozi ekani aytilmoqda.

Iste’fodagi general Kellogning ishdan ketishi Ukraina uchun noxush yangilik hisoblanadi. Chunki u Vashington ma’muriyati Moskva tomon og‘ib ketayotgan pallada Kiyev manfaatlarini faol va izchil himoya qilib kelgan. Kit Kellog Rossiya prezidenti Vladimir Putinga xayrixoh kayfiyatdagi hamkasbi – Trampning boshqa bir maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan ham dahanaki tortishuvlarga borgani xabar qilingan.

E’tiborga molik jihati, joriy yil mart oyida prezident Tramp Kit Kellogni Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan chetlatgandi. NBC manbalariga ko‘ra, bunga Kremlning so‘rovi sabab bo‘lgan. Prezident Putinga Kellogning “ukrainparast kayfiyatda” ekani ma’qul kelmagan.

General Kellogning iste’fosi haqidagi xabar tarqalishi Tramp ma’muriyati Rossiya–Ukraina urushiga barham berish bo‘yicha yangi reja ishlab chiqqani ma’lum bo‘lgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Oq uy taklif etayotgan “Kremlning deyarli barcha talablarini aks ettirgan” yangi kelishuvni Ukraina va uning ittifoqchilari “Rossiya uchun ulkan imtiyoz” deb qabul qilishi mumkin.

Avval xabar berganimizdek, Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan 28 banddan iborat tinchlik rejasi Ukraina armiyasi Donetsk viloyatidan chiqib ketishi, ya’ni Donbassni amalda Rossiyaga topshirishi, AQSh va Yevropaning Qrim va Donbassni Rossiya hududi sifatida tan olishi hamda Ukraina armiyasini qisqartirish kabi takliflarni o‘z ichiga oladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, bu holat Tramp ma’muriyatidagi Stiv Uitkoff kabi Rossiyaga xayrixoh mulozimlar general Kellog kabi Ukraina manfaatlarini qat’iy himoya qiluvchi mulozimlardan ustun kelganini anglatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring