Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ursula fon der Lyayen: “O‘zbekistonga doir va’damizni amalda bajardik”

Ursula fon der Lyayen: “O‘zbekistonga doir va’damizni amalda bajardik”

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Bugun, 24-oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (EPCA – Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Hujjatga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili / Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas hamda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov imzo chekdi.

Yevropa komissiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu hodisa 2025-yil 4-aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitidan so‘ng mintaqaviy aloqalarning yangi strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani va ularning yanada chuqurlashganining ifodasidir.

YeI rahbariyati yangi bitim ikki tomonlama munosabatlarda muhim o‘rin tutishini ta’kidlamoqda.

“Samarqandda biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni chuqurlashtirishga va’da bergandik. Bugun esa biz O‘zbekiston bilan uzoq yillik hamkorligimizni yanada mustahkamlab ushbu va’dani amalda bajarmoqdamiz. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqiga o‘rtasida fuqarolarimizning o‘zaro manfaatlari uchun birgalikda ishlashga asos yaratadi. Bu allaqachon mustahkam bo‘lgan sheriklikni yanada mustahkamlash onidir”, – deydi Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen.

“Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik hamkorlarimiz qatorida ko‘rishdan mamnunmiz. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim bizning umumiy qadriyatlar va manfaatlarga asoslangan munosabatlarni chuqurlashtirishga, murakkab geosiyosiy sharoit va iqtisodiy haqiqatlarga moslashishga bo‘lgan qo‘shma intilishimizni namoyon etadi. Biz O‘zbekiston bilan inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilishni ilgari surish, fuqarolik jamiyati ishtirokini va ochiq demokratik jamiyatni qo‘llab-quvvatlashni sherikligimizning asosiy unsurlari sifatida targ‘ib etish yo‘lida hamkorlikni davom ettiramiz”, – deydi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.

“Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi ushbu bitim Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarida yangi davrni boshlab beradi. Savdo va barqaror rivojlanish bo‘yicha keng qamrovli yo‘nalish orqali biz yanada barqaror savdoni rivojlantirish, shuningdek, Yevropa va O‘zbekiston iste’molchilari, kichik va o‘rta korxonalar hamda biznesni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmini kengaytirish va diversifikatsiya qilish orqali Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim o‘sish, bandlik va iqtisodiy barqarorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi hamda har ikki mintaqaning iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shadi”, – deydi YeIning savdo bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich.

Mazkur bitim siyosiy muloqotni kuchaytirish va o‘zaro manfaatli bo‘lgan ko‘plab sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi huquqiy asos yaratadi. Bular jumlasiga savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish va transport aloqalari, intellektual mulk, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, ta’lim, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi, shuningdek, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati kiradi. Shu bilan birga, ushbu bitim tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, u mojarolarning oldini olish va inqirozlarni boshqarish, xatarlarni kamaytirish, kiberxavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, qurolsizlanish, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, qurol nazorati va eksport nazoratini ham qamrab oladi.

Bitim 2024-yilda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi asosida, yashil va raqamli o‘tish jarayonlari uchun zarur bo‘lgan muhim xomashyolar sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochadi. “Global darvoza” tashabbusi va Trans-Kaspiy transport koridori orqali mintaqaviy aloqadorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston 2021-yil aprel oyidan boshlab Yevropa Ittifoqining Bosh imtiyozlar tizimi (GSP+) doirasida barqaror rivojlanish uchun maxsus imtiyozli rejim orqali Yevropa Ittifoqi bozoriga bir tomonlama preferensial kirish huquqidan foydalanib kelmoqda.

2023-yil 22-noyabr kuni O‘zbekistonning GSP+ bo‘yicha benefitsiar maqomi yana to‘rt yilga, ya’ni 2027-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilgandi.

Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasidagi savdo va iqtisodiy qoidalar GSP+ imtiyozlarini to‘ldiradi, xususan, O‘zbekistonning GSP+ ishtirokchisi sifatida barqarorlik bo‘yicha majburiyatlarini mustahkamlaydi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqining ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. GSP+ dasturi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirdi 2024-yilda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 4,8 milliard yevroga yetdi. Bu esa 2020 yilga nisbatan deyarli ikki baravar o‘sishni anglatadi.

Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim 1996-yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini egallaydi.

Eslatib o‘tamiz, yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022- yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan.

9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bitim ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamraydi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring