Qanday holatlarda voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish mumkin?
Hukumat qarori bilan «Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Emansipatsiya — bu shaxs yoki ijtimoiy guruhning turli cheklovlardan ozod bo‘lib, teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lish jarayonidir. Voyaga yetmaganlarning emansipatsiyasi — 18 yoshga to‘lmagan shaxsning sud yoki qonun asosida to‘liq muomalaga layoqatli deb tan olinishi.
Mazkur Ma’muriy reglament voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Reglamentga ko‘ra, ariza beruvchi quyidagilardan biri orqali davlat xizmatidan foydalanishi mumkin:
- Davlat xizmatlari markaziga bevosita borib;
- «Inson» markazlari (vakolatli organ) yoki ijtimoiy xodim orqali;
- YaIDXP (my.gov.uz) orqali.
Vakolatli organ ariza beruvchini quyidagi shartlar mavjud bo‘lganda, to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorni rasmiylashtiradi:
- ariza beruvchi psixologik jihatdan yetuk bo‘lganda va o‘z xatti-harakatlarining oqibatini anglaganda;
- tadbirkorlik yoki mehnat faoliyati bilan kamida 3 oydan buyon uzluksiz shug‘ullanib kelayotganda;
- ariza beruvchining o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va davomati bo‘yicha ijobiy ma’lumot mavjud bo‘lganda.
Ariza beruvchini to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda Emansipatsiya qilingan shaxslar reyestriga kiritiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter