Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Voyaga yetmaganlarga transport boshqarishni topshirganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Voyaga yetmaganlarga transport boshqarishni topshirganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Loyiha yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shuningdek, qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Hujjatga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida fuqaroning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilgan, odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuz bergan hollarda transport vositasini topshirgan shaxs uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham qator o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilgan.

Jumladan, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, noqonuniy avtopoyga tashkil etish va unda ishtirok etish, yuk avtomobillarini xavfli holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish hamda belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirish uchun javobgarlik kuchaytirilishi taklif qilinmoqda.

Shuningdek, ma’muriy jazoning yangi turi sifatida avtomobilni olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yish chorasini joriy etish rejalashtirilgan. Bu jazo yo‘l bezoriligi, noqonuniy poyga, mast holda transport boshqarish yoki tibbiy tekshiruvdan bosh tortish kabi holatlarda, haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan yoki undan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan sud qarori bilan qo‘llanilishi mumkin.

Qonun loyihasida mast holda transport boshqarish va tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, shuningdek, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda jarimani chegirma bilan to‘lash tartibini ma’lum muddatga cheklash ham nazarda tutilgan.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring